Germaniya Ukraina energetika infratuzilmasiga hujumlarni birinchi bo‘lib Rossiya to‘xtatishi kerakligini ma’lum qildi. Berlin, shuningdek, Moskvaga nisbatan sanksiyalarni yumshatishga qarshi chiqib, bosimni yanada kuchaytirishga chaqirdi.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful 13 oktyabr kuni Varshava xavfsizlik forumida so‘zlagan nutqida Ukraina Rossiya ham xuddi shunday qadam tashlagan taqdirda energetika ob’ektlariga hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga amal qilishga tayyorligini ta’kidladi.
«Bu vaziyatda aniq aytish kerak: birinchi qadamni Ukraina tashlashi shart emas. Urushni Ukraina boshlamagan. Aslida, birinchi qadamni Rossiya tashlashi kerak», — dedi Vadeful.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev energetika ob’ektlariga hujumlarni o‘zaro to‘xtatish kelishuviga qo‘shilishga tayyorligini bildirgan. Germaniya hukumati Ukrainaning bu pozisiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Moskva va Kiyev energetika infratuzilmasiga o‘zaro hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgan edi. Biroq har ikki tomon bunday kelishuv mavjudligi masalasida turlicha bayonotlar bergan.
Vadeful Yevropa Ittifoqini Ukrainadagi urushni hal etish bo‘yicha mustaqil pozisiya ishlab chiqishga chaqirdi. U Moskvaga nisbatan bosimni saqlab qolish zarurligini ta’kidladi.
Vashington Rossiya dizel yoqilg‘isiga nisbatan cheklovlarni yumshatishni rejalashtirayotgani haqidagi xabarlar fonida Germaniya tashqi ishlar vaziri buning aksini — sanksiyalarni kuchaytirishni taklif qildi.
«Hozir sanksiyalarni yumshatish vaqti emas, aksincha, ularni kuchaytirish vaqti», — dedi u.
Buyuk Britaniya vaziri Ed Milibend ham shunga o‘xshash pozisiyani bildirib, Rossiyaga nisbatan sanksiya bosimini oshirishga chaqirdi.
Evropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatida Rossiyaning harbiy-sanoat majmuasi bilan bog‘liq 1 600 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxs mavjud.
Vadeful avval ham Rossiya prezidenti Vladimir Putin jiddiy tinchlik muzokaralariga tayyorligini amalda ko‘rsatmaguncha Moskvaga nisbatan bosimni saqlash va kuchaytirish lozimligini bildirgan edi.