Gamburgning turar joylaridan birida chuqur tun. To‘satdan shovqin eshitiladi: tungi osmonda vertolyotlar aylana boshlaydi, ko‘chalar bo‘ylab esa uzun harbiy texnika kolonnasi harakatlanadi. Bundesverning bronetransportyorlari ustida qurollangan askarlar jangovar shaylik holatida turibdi.
2026 yil 24–26 sentyabr kunlari o‘tkazilgan Red Storm Charlie nomli harbiy mashg‘ulotlarda Germaniyaning maxfiy mudofaa rejasi sinovdan o‘tkazildi. U NATOning keng ko‘lamli harbiy rejalari bilan uyg‘unlashtirilgan.
Ushbu rejalarga ko‘ra, Rossiya NATOning sharqiy qanotiga hujum qilgan taqdirda, nafaqat port shahri Gamburg, balki butun Germaniya muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakat NATOning yuz minglab harbiylarini, shuningdek, qurol-yarog‘ va og‘ir harbiy texnikani joylashtirish hamda ularni frontga o‘tkazish uchun asosiy logistika markaziga aylanadi.
Germaniya tashqi siyosat jamiyati (DGAP) xavfsizlik masalalari bo‘yicha eksperti Aylin Matlening DW nashriga aytishicha, bu juda batafsil va maxfiy reja hisoblanadi.
«Unda NATO ittifoqchilari Germaniyaning aynan qaysi hududlariga, jumladan, qaysi portlariga kelib tushishi va mamlakat hududi orqali harakatlanish uchun qaysi yo‘nalishlardan foydalanishi aniq belgilab qo‘yilgan», — deydi ekspert.
📝 Germaniya harbiy logistika markazi vazifasini bajarishga qay darajada tayyor?
Aylin Matle mamlakat infratuzilmasining holatini zaif nuqtalardan biri deb hisoblaydi. Uning fikricha, Germaniya qo‘shinlarni tashish uchun mo‘ljallangan ko‘priklar, avtomobil yo‘llari va transport tarmoqlariga texnik xizmat ko‘rsatish hamda ularni ta’mirlash ishlarini «ancha tezroq va puxtaroq» amalga oshirishi kerak.
Bundan tashqari, mudofaa rejasining maxfiyligini saqlash ham muhim. Xususan, NATO qo‘shinlarini ko‘chirishning aniq yo‘nalishlari kabi maxfiy ma’lumotlarning Rossiya qo‘liga tushishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur.
Shu bilan birga, rejaning ayrim qismlari jamoatchilikka ochiq bo‘lishi lozim. Chunki bunday mudofaa choralarini amalga oshirishda hukumat va armiya fuqarolik jamiyatining qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj.