Die Welt nashrining xabar berishicha, rossiyalik milliarderning da’vo arizasi 2023 yil dekabr oyida kiritilgan. Ishni ko‘rib chiqayotgan sudya hujjatlarni javobgar tomon — Belgiyada joylashgan Yevropa Ittifoqi kengashiga yuborishni buyurgan. Biroq Gamburg yeri sudi raisi Germaniya Tashqi ishlar vazirligining e’tirozlariga asoslanib, Federal adliya departamenti bilan maslahatlashgandan so‘ng ularni topshirishdan bosh tortgan.
Germaniya Oliy sudi ushbu rad javobini bekor qildi. Oliy sud qarorida Gamburg yeri sudyasi tegishli hujjatlarni jo‘natishga to‘sqinlik qilish vakolatiga ega bo‘lmagani ta’kidlandi.
"Buni rad etish noqonuniy hamda arizachining huquqlarini buzdi. Shuningdek, Federal adliya idorasining Germaniya TIV bilan kelishilgan tavsiyasi majburiy xususiyatga ega bo‘lmagan", deyiladi Germaniya Oliy sudi qarorida.
Alisher Usmonov Yevropa Ittifoqi kengashining unga nisbatan “ishonchsiz” va “obro‘siga putur yetkazuvchi” da’volarini tarqatishni taqiqlashga harakat qilmoqda. Gap milliarderga qarshi sanksiyalarni asoslash uchun Yevropa Ittifoqi tayangan rasmiy jurnallardagi da’volar haqida ketmoqda. Xususan, ulardan biri Forbes'da chop etilgandi, unda Alisher Usmonovning prezident Vladimir Putin bilan aloqasi borligi haqida maqola e’lon qilingan.
Sud qaroriga qaramay, Yevropa Ittifoqi kengashi sanksiyalarni asoslashda Usmonov Vladimir Putin manfaatlari yo‘lida faoliyat yuritgani haqidagi da’voni chiqarib tashlamagan. Biroq bu jumlaning ifodalanishini o‘zgartirgan. Usmonov ushbu ma’lumotlar huquqlarini buzayotganini bildirib, Yevropa Ittifoqi kengashi ustidan sudga da’vo kiritgandi.