Germaniyaning eng yirik sakkizta aeroporti qisqa muddat ichida uchuvchisiz qurilmalar (dronlar)ga qarshi zamonaviy himoya tizimlari bilan jihozlanmoqda. Bu haqda Germaniya Aeroportlar federal birlashmasi (BDL) ma’lum qildi.
Gap Frankfurt, Berlin, Myunxen, Dyusseldorf, Shtutgart, Gamburg, Leypsig va Kyoln aeroportlari haqida ketmoqda.
BDL rahbari Yoaxim Langning aytishicha, Germaniyaning eng yirik aeroporti — Frankfurt-na-Mayne aeroportida bunday tizim allaqachon ishga tushirilgan. Uning ta’kidlashicha, Berlindagi dronlar bilan bog‘liq hodisalardan keyin hukumat bir yil ichida tegishli qarorlarni qabul qilib, xarid jarayonini boshlagan. Lang bu jarayonni «nisbatan juda tez amalga oshirilgan» deb baholadi.
«Boshqa Yevropa davlatlari bilan solishtirganda, biz yaxshi darajadamiz», — dedi Lang.
BDL rahbari Leypsig-Galle aeroportidagi so‘nggi dron hodisasini ham tilga oldi. Uning fikricha, bu voqea bunday choralarni ko‘rish qanchalik zarur va shoshilinch ekanini yaqqol ko‘rsatdi.
Lang ishonch bildirishicha, yil oxiriga qadar sakkizta aeroportning aksariyati yangi himoya imkoniyatlaridan foydalana boshlaydi.