Bugun 27 oktyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

G‘azodagi inqiroz va Eronga qarshi harbiy harakatlar fonida Isroilda parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda

G‘azodagi inqiroz va Eronga qarshi harbiy harakatlar fonida Isroilda parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda

Seshanba, 27 oktyabr kuni Isroilda 26-chaqiriq Knesset a’zolarini aniqlab beruvchi navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. Saylov jarayonlari G‘azo sektoridagi harbiy harakatlar, Livan janubidagi vaziyat hamda AQSh bilan hamkorlikda Eronga qarshi olib borilayotgan nizolar fonida o‘tkazilmoqda. Bu 1988 yildan beri mamlakatda belgilangan muddatda o‘tkazilayotgan ilk parlament saylovi hisoblanadi. 120 o‘rinli Knessetdagi deputatlik o‘rinlari uchun 37 ta siyosiy partiya va koalisiya ishtirok etmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 7,3 millionga yaqin fuqaro ovoz berish huquqiga ega. Parlamentga kirish uchun siyosiy kuchlar 3,25 foizlik saylov to‘sig‘idan o‘tishlari lozim.

Ijtimoiy so‘rovnomalar shuni ko‘rsatmoqdaki, asosiy siyosiy kurash Bosh vazir Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi koalisiya hamda sobiq Bosh shtab boshlig‘i Gadi Ayzenkot muhim o‘rin egallagan muxolifat blogi o‘rtasida kechmoqda. Netanyaxu tomonida ultrao‘ng va ultraortodoksal partiyalar jamlangan bo‘lsa, Ayzenkotning «Yashar» partiyasi boshchiligidagi muxolifat lageridan Naftali Bennet, Yair Lapid, Avigdor Liberman va Yair Golanning siyosiy harakatlari o‘rin olgan.

Geosiyosiy muammolar va korrupsiya bo‘yicha davom etayotgan sud jarayonlariga qaramay, deyarli 19 yildan beri hokimiyatda bo‘lib kelayotgan Netanyaxu o‘z lavozimini saqlab qolishga harakat qilmoqda.

Isroil aholisining beshdan bir qismini tashkil etuvchi arab fuqarolarini saylovda «Umumiy ro‘yxat» va RAAM partiyalari vakillik qilmoqda. Shu bilan birga, Sharqiy Quddus, Iordan daryosining G‘arbiy sohili va G‘azoda yashovchi 6 millionga yaqin falastinlik Isroil fuqaroligiga ega bo‘lmagani sababli ovoz berish huquqidan mahrum, vaholanki Isroil hukumati qarorlari ularning hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Amnesty International va Human Rights Watch kabi xalqaro huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar ushbu saylovlar Isroilning Falastin hududlaridagi harakatlari va xalqaro huquqni buzish holatlaridan jamoatchilik e’tiborini chalg‘itmasligi kerakligini ta’kidlamoqda.

Yangi Vazirlar Mahkamasini tuzish uchun nomzod Knessetdagi 120 deputatning kamida 61 tasining qo‘llab-quvvatlashiga erishishi kerak. Saylov yakunlangach, prezident Isxak Gersog koalisiya tuzish vakolatini eng ko‘p imkoniyatga ega deb topilgan nomzodga topshiradi. Agar 45 kun ichida koalision kelishuvga erishilmasa, mamlakat qaytadan siyosiy inqiroz va yangi saylovlar bosqichiga kirishi mumkin.

Kiritildi: 21:36 26.10.2026. O'qildi: 530 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!