Bugun 9 iyul, 2025 yil, chorshanba

КИР

G‘azoda Isroil zulmi tufayli ikki chaqaloq ochlikdan vafot etdi

G‘azoda Isroil zulmi tufayli ikki chaqaloq ochlikdan vafot etdi

G‘azo sektorida qattiq izrail muhosarasi va falastinliklarga nisbatan davom etayotgan genosid sharoitida bolalar ozuqa va sut qo‘shimchalari yetishmasligi tufayli yana ikki chaqaloq vafot etdi. Bu haqda Xan-Yunus shahrida joylashgan Nasr shifoxonasi xabar berdi.

Halok bo‘lgan chaqaloqlar motam va ko‘z yosh ichida dafn etildi. Oilalar og‘ir motamni boshidan kechirmoqda — farzandlari tibbiy yordam va oziq-ovqat kabi eng oddiy inson huquqlaridan mahrum bo‘lganini aytmoqda.

Joriy yilning 19 iyunidayoq G‘azodagi ikki yirik shifoxona muhosara natijasida bolalar uchun mo‘ljallangan sut qo‘shimchalari tugaganini va bu yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun halokatli tahdid ekanini e’lon qilgan edi.

Besh oylik Nidalning amakisi Mahmud Sharab "Anadolu" axborot agentligiga bergan intervyusida jiyani oziqlanmaslik va bolalar sut ozuqasi yetishmasligi oqibatida hayotdan ko‘z yumganini aytdi. U shifoxonada shunga o‘xshash holatdagi boshqa bolalar ham borligini va hududga shoshilinch ravishda davolash ozuqasi hamda maxsus mahsulotlar yetkazilishi kerakligini ta’kidladi.

10 kunlik qizaloq Kindaning otasi Muhammad al-Hams esa qizining ozuqa va dori-darmon yetishmasligi tufayli vafot etganini ma’lum qildi. U: «Bu urush qurbonlari. Bu (Isroil bosh vaziri) Binyamin Netanyaxu o‘z xalqiga ko‘rsatayotgan “yutuqlar”idir», — dedi.

Al-Hams dunyoning G‘azoda bolalar ochlikdan o‘layotganini sukut bilan kuzatayotganidan qattiq norozilik bildirdi. U xalqaro hamjamiyat Isroilning jinoyatlarini inkor etayotganini ta’kidladi. «G‘azoda biror kun ham janoza duosisiz o‘tmaydi. Isroilning genosidi har kuni yangi insonlarning hayotiga zomin bo‘lmoqda», — dedi u.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi 25 iyun kuni bergan bayonotida, hududdagi gumanitar va tibbiy vaziyat genosid tufayli falokat darajasiga yetganini ma’lum qildi. Vazirlik chaqaloqlar o‘rtasida kam oziqlanish holatlari keskin oshganini, shuningdek, davolash uchun mo‘ljallangan ozuqa mavjud emasligini qayd etdi.

G‘azo hukumati media-ofisi tomonidan 25 may kuni e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, ozuqa va dori-darmon yetishmasligi oqibatida kamida 242 kishi vafot etgan, ularning ko‘pchiligi bolalar va qariyalardir.

Joriy yilning 2 martidan beri Isroil G‘azoga olib boradigan barcha quruqlikdagi chegara o‘tish nuqtalarini yopiq holda ushlab turibdi. Yuzlab gumanitar yuk mashinalari kirishi to‘sib qo‘yilgan, faqat cheklangan miqdordagina yuk Kerem Abu Salem nazorat-o‘tkazish punkti orqali kirish ruxsatini olmoqda. Ammo hududga kunda kamida 500 ta gumanitar yuk mashinasi kerak.

2023 yil 7 oktyabrda boshlangan hujumlardan buyon Isroil G‘azo sektoriga keng ko‘lamli harbiy amaliyotlarni davom ettirmoqda. Ular qat’iy bombardimonlar, aholiga qarshi qasddan yuritilgan ochlik, majburiy ko‘chirish va infratuzilmani yo‘q qilish bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Xalqaro hamjamiyat va BMT Xalqaro sudining o‘q otishni to‘xtatish chaqiriqlariga qaramay, Isroil G‘azodagi genosidni to‘xtatmayapti.

Kiritildi: 11:39 27.06.2025. O'qildi: 544 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!