Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil boshidan beri Xitoyning eng yirik dron ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan Autel Robotics Xabarovskdagi Rossiyaning Aero-HIT zavodiga uskunalar yetkazib bermoqda. Mazkur korxona davlat tomonidan moliyalashtiriladi.
"Ikkala kompaniya o‘rtasidagi aloqalar sanksiyalar sababli qisqa muddatga uzilgan bo‘lsa-da, 2024 yil oxirida qayta tiklangan va 2025 yil may oyidan boshlab dron ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda", deyiladi Bloomberg xabarida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xabarovskdagi zavodda narxi atigi ming dollar atrofida bo‘lgan Veles rusumidagi FPV-dronlari yig‘ilmoqda. Bu dronlar keyinchalik frontga yuboriladi va Xersonga hujumlar uchun qo‘llaniladi. Ayni paytda zavod oyiga 10 mingtagacha dron ishlab chiqarish quvvatiga ega ekani aytilmoqda, lekin ishlab chiqarishni kengaytirish rejalashtirilgan.
"Xitoydan yetkazib berilayotgan mahsulotlarni yashirish uchun rossiyaliklar vositachilardan foydalanmoqda. Ular aviaqatnovlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish yoki dengiz mahsulotlari tashish kabi boshqa sohalarda faoliyat yuritadi", deyiladi maqolada.