Rosgvardiya direktori Viktor Zolotov Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga armiya generali pogonlarini va maxsus qizil bosh kiyimni (beret) topshirdi, deya xabar beradi TASS.
Zolotovning ta’kidlashicha, Qodirovga armiya generali unvonini prezident Vladimir Putin bergan. Zolotovga ushbu farmonni Qodirovga "etkazish" va unga pogonlarni topshirish vazifasi yuklatilgan.
"Ammo bu hali hammasi emas. Uch kun oldin biz idoraviy maxsus kuchlar tashkil etilganining navbatdagi yilligini nishonladik, aynan shu yerda maxsus qizil bosh kiyim (beret) topshirish an’anasi vujudga kelgan. Minnatdorlik ramzi sifatida armiya generali Qodirovga ushbu eng muhim ramzni topshirishga qaror qilindi", — deya qo‘shimcha qildi Zolotov.
Bunga qadar Qodirov general-polkovnik harbiy unvoniga ega edi, u bu unvonni 2022 yilda olgan. Armiya generali unvoni de-fakto Rossiya armiyasidagi eng oliy unvondir, undan yuqorida faqat marshal unvoni bor, ammo u 1997 yildan beri hech kimga berilmagan.
Maxsus qizil bosh kiyim (beret) Rosgvardiya va ba’zi boshqa kuchishlatar tuzilmalarning maxsus bo‘linmalarida eng oliy farqlash belgisi (mukofoti) hisoblanadi. Uni qo‘lga kiritish uchun bir qator sinovlardan o‘tish zarur bo‘lib, bu sinovlar ba’zan ishtirokchilarning o‘limi bilan ham yakunlanadi. Ramzan Qodirovning ushbu sinovlarda ishtirok etgani ma’lum emas. Shu bilan birga, u avval ham maxsus qizil bosh kiyim kiyib yurgan.