Fransiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari hayot qimmatlashuvi va davlat xizmatlari sifati yomonlashishiga qarshi o‘tkazilgan ommaviy norozilik namoyishlari davomida 511 kishini qo‘lga oldi.
The Guardian gazetasi xabar berishicha, namoyishlar 31 oktyabr kuni Parij, Marsel, Lion, Tuluza va mamlakatning boshqa shaharlarida bo‘lib o‘tgan.
Fransiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlarda qariyb 320 ming kishi ishtirok etgan. Mamlakat bo‘ylab jami 150 ga yaqin aksiya o‘tkazilgan.
Namoyishlarning aksariyati tinch o‘tgan, biroq ayrim shaharlarda norozilik ishtirokchilari va polisiya o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergan. Tartibsizliklar ishtirokchilarini tarqatish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagich vositalaridan foydalangan.