Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, ularning qariyb 85 foizi voyaga yetmaganlar, aksariyati esa maktab o‘quvchilaridir.
Ta’lim vazirligi esa mamlakatdagi 3 700 ta o‘rta maktabdan 564 tasida ish tashlashlar va to‘sib qo‘yish holatlari qayd etilganini bildirgan.
Ta’lim vaziri Eduar Jeffrening BFMTV efirida aytishicha, tartibsizliklar oqibatida 65 nafar maktab xodimi, jumladan, 40 nafar direktor jarohatlangan. Yuzdan ortiq maktab binosiga zarar yetkazilgan.
Ichki ishlar vaziri Loran Nunes norozilik harakatlarining ko‘lamini katta va kutilmagan deb baholagan. U namoyishlarning tez yoyilishini, jumladan, ijtimoiy tarmoqlar hamda o‘quvchilar chiqishlarini qo‘llab-quvvatlayotgan so‘l populistik “Bo‘ysunmas Fransiya” partiyasi ta’siri bilan bog‘lagan. Vazirning ta’kidlashicha, zo‘ravonlik bilan bog‘liq vaziyat tashkilotchilar nazoratidan butunlay chiqib ketgan.
Dastlabki norozilik aksiyalari 21 sentyabr kuni Parij yaqinidagi Kretey shahrining Sent-Ekzyuperi liseyida boshlangan. Keyin ular mamlakat bo‘ylab tarqalgan. Yuqori sinf o‘quvchilari sinflarda o‘quvchilar haddan tashqari ko‘pligi, o‘qituvchilar yetishmasligi va ta’lim muassasalarining yomon holatidan norozi. Shuningdek, ular dars jadvali haddan tashqari tig‘iz ekanini aytmoqda.
Ayrim yirik shaharlarda norozilik aksiyalari polisiya bilan to‘qnashuvlarga aylangan. Ba’zi holatlarda namoyishchilar toshlar va yonuvchi aralashma solingan shishalardan foydalangan. Polisiya esa javoban ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan.