Kiyevda bo‘lib o‘tgan Mudofaa sanoati forumida Fransiya harbiy sanoati korxonalari tomonidan Ukrainaga qurol yetkazib berish bo‘yicha 15 ta shartnoma imzolandi, deya xabar bermoqda AFP.
Xususan, KNDS nemis-fransuz xoldingiga tegishli Nexter kompaniyasi Kiyevga yana oltita CAESAR artilleriya moslamalarini yetkazib berish niyatida. Avvalroq, Ukraina Daniya va Fransiyadan 30 ga yaqin bunday qurilmalarni qabul qilib olgan edi. Nexter, shuningdek, Ukraina bilan CAESAR va AMX-10 yengil tanklariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma ham imzoladi. Kelgusida Ukrainada artilleriya tizimlari uchun ayrim ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Arquus Ukrainada yuzdan ortiq VAB zirhli transportyorlariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Cefa Kiyevga sakkizta sapyor robotlari va og‘ir tanklarni daryolar bo‘ylab o‘tkazish uchun bir xil miqdordagi amfibiyalar yetkazib beradi. Boshqa fransuz kompaniyalari Kiyev uchun dronlarni yetkazib beradi yoki takomillashtiradi. Shuningdek, Ukraina qurolli kuchlarining uskunalari uchun ehtiyot qismlarni 3D bosib chiqarish ustaxonasini qurish rejalashtirilgan.