Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning ta’kidlashicha, G‘azo sektoridagi eng muhim vazifa — otishmalarni to‘xtatish kelishuvini saqlab qolishdir. Uning fikricha, BMT Xavfsizlik Kengashi mandati ostida falastinliklar va xalqaro kuchlar ishtirokida G‘azo uchun maxsus boshqaruv tizimini yaratish zarur.
Bryusseldagi Yevropa Ittifoqi sammiti yakunlaridan so‘ng bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Makron AQSh prezidenti Donald Tramp taklif qilgan otishmalarni to‘xtatish rejasini amalga oshirishda qat’iylik bilan harakat qilishlarini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi paytda asosiy vazifa — otishmalarni to‘xtatish kelishuvini saqlash va insonparvarlik yordamini qayta yo‘lga qo‘yishdir. Makron ma’lum qilishicha, har kuni taxminan 300 ga yaqin yordam yuk mashinasi sektorga kirib kelmoqda, ammo bu aholi ehtiyojini qondirish uchun yetarli emas.
“Falastinliklar va Falastin ma’muriyatining rolini to‘liq e’tirof etgan holda G‘azo uchun maxsus boshqaruv tizimini yaratish, ichki xavfsizlik kuchlari va polisiyani joylashtirish zarur. Biz ularni qo‘shimcha tayyorgarlikdan o‘tkazishga tayyormiz. Shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashi mandati ostida xalqaro barqarorlik kuchlarini shakllantirish lozim”, — dedi Fransiya rahbari.
Makron Yevropa Ittifoqi bu jarayonda faol ishtirok etishga tayyorligini ham bildirdi. “Bu, xususan, o‘tish nuqtalari xavfsizligini ta’minlash maqsadida YEUBAM Rafah missiyasini (Evropa Ittifoqining Rafahdagi chegaraga yordam ko‘rsatish missiyasi) joylashtirish va Falastin polisiyasini G‘azoga tezkor joylashtirish bo‘yicha o‘quv dasturlarimizni kuchaytirishni o‘z ichiga oladi”, — dedi u.
Prezident shuningdek, Iroq xalqiga hamdardlik izhor etib, uning suverenitetini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Makron sammitda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ham uchrashib, Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilganini ma’lum qildi. U Yevropa Ittifoqining barcha davlatlari Ukraina mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga sodiq ekanini yana bir bor tasdiqlaganini aytdi.
Fransiya rahbari qo‘shma shtatlar bilan birgalikda Rossiya–Ukraina mojarosida harbiy harakatlarni darhol to‘xtatish tarafdori ekanini bildirib, Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha har qanday muzokaralar Kiyev hukumati ishtirokisiz o‘tkazilishi mumkin emasligini ta’kidladi.
“Biz boshidanoq barqaror va haqiqiy tinchlikni ta’minlash tarafdorimiz. Prezident Trampning so‘nggi bayonotlari to‘g‘ri yo‘nalishda. Ular masalaning mohiyatini ko‘rsatdi: Rossiya aslida tinchlikni xohlamaydi”, — dedi Makron.
U shuningdek, Yevropa Ittifoqi Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini, Rossiyaga nisbatan bosimni sanksiyalar orqali kuchaytirayotganini ta’kidlab, Moskvaga qarshi 19-cheklovchi choralar paketi qabul qilinganidan mamnuniyat izhor etdi.