Bugun 28 aprel, 2025 yil, dushanba

КИР

Fitr sadaqasini berish kimlarga vojib?

Fitr sadaqasini berish kimlarga vojib?

Fitr sadaqasi va uning oxirgi vaqti

Fitr sadaqasi: 2-hijriy sanada joriy bo‘lgan. Boshqa sadaqalar moldan qilinsa, bu sadaqa kishi boshidan qilinadi.

Hanafiy mazhabida sadaqai fitr vojib hisoblanadi. U sadaqa Ramazondan fitr (og‘iz ochiqligiga) chiqish munosabati ila berilgani uchun fitr sadaqasi nomini olgan. Alloh taolo "A’lo surasining 9 – 10 oyatlarida shunday marhamat qilgan: "Batahqiq, kim zakot ila poklansa va Robbisi ismini zikr qilsa, najotga erishur".

Kasir ibn Abdullohdan, u otasidan, otasi bobosidan rivoyat qilidi. "Rasululloh (s.a.v) dan ushbu oyat haqida so‘ralgan edi: "Fitr sadaqasi haqida nozil bo‘lgan" dedilar. Ibn Abbos (r.a) dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v) fitr zakotini ro‘zador uchun behuda gap so‘z, xato va kamchiliklarni yuvadigan bo‘lsin va miskinlar bilan taomlanish bo‘lsin, deb farz qildilar. Kim uni namozdan oldin ado qilsa, u maqbul zakot bo‘lur, kim uni namozdan keyin ado qilsa, sadaqalardan bir sadaqa bo‘lur. Fitr sadaqasi: Fitr zakoti, sadaqa, zakot so‘zlari bir – birining o‘rniga ishlatilaveriladi.

Ro‘zador odam ro‘za tutar ekan, gohida bilib bilmay turli gaplar og‘zidan chiqib ketishi, ba’zi noqulay amallarni qilib qo‘yishi mumkin. Ana shu g‘ashliklarni yuvib yuborish uchun fitr sadaqasi joriy bo‘lgan. Yana bir hikmati u miskinlarga beriladi va ular taomlanib xursand bo‘lishadi.

Hanafiy mazhabi bo‘yicha hur, musulmon kishi o‘zining turar joyidan, kiyimidan, uy asboblaridan, ot – ulovlaridan, qurol – aslahasidan va qullaridan tashqari nisob miqdoriga yetadigan mulkka ega bo‘lsa, unga fitr sadaqasi vojib bo‘ladi. Imom Shofiiy esa o‘zi va ahli ayolining bir kunlik ovqatidan ziyoda mulkka yega kishiga fitr sadaqasini berish vojib bo‘ladi, deganlar. Lekin amalda jumhurning "moli nisobga yetmaganlar" ham beraverishi kerak, degan so‘zi joriy bo‘lgan. Fitr sadaqasini kishi o‘zi uchun beradi. Ibni Umar (r.a) shunday rivoyat qilganlar.

Rasululloh (s.a.v) “Erkakka va ayolga fitr sadaqasi berishni farz qildilar”

Va yosh bolalari uchun beradi va qullari uchun ham fitr sadaqasi beradi. Sa’laba ibn al Adviy (r.a) qilgan rivoyatda Rasululloh (s.a.v) shunday deganlar:

Har bir qul va hur uchun, xoh u kichik yoshda bo‘lsin, xoh katta bo‘lsin, yarim so’ bug‘doy yo bir so’ xurmo yo arpa berib fitr sadaqasini ado qilinglar.

Bu qullarga Mudabbar va Ummi Valad ham kiradi. Imom A’zam (r.a) va Abu Yusuf (r.a) nazdlarida agar ularning o‘z mulki bo‘lsa, xo‘jayin shu mulkidan beradi deyishadi. Bunga Imom Muhammad (r.a) xilof qilgan. Er o‘z xotini uchun, voyaga yetgan farzandlari uchun agarchi bular uning qaramog‘ida bo‘lsalar ham. Agar bular iltimos qilmasalar, ham ota ular uchun ham fitr sadaqasi bersa bu joiz. Yana valiy o‘z mukotabi uchun ham fitr sadaqasi bermaydi. Chunki unga u ega yemas. Mukotab qul o‘zi uchun ham fitr sadaqasi bermaydi. Chunki uning o‘zi faqirdir. Yana xo‘jayin savdo niyati uchun saqlayotgan qullari uchun ham fitr sadaqasi bermaydi. Chunki xoja bunday qul uchun zakot beradi, agar fitr sadaqasi ham bersa, 2 marta zakot bergan bo‘lib qoladi. Bu Imom Shofiiy(r.a)ga xilofdir. Sheriklik qulga 2 sherik ham fitr sadaqasi bermaydi. Chunki ikkovida ham to‘la egalik huquqi yo‘q. U qul bitta bo‘lsa ham, ko‘p bo‘lsa ham farqi yo‘q. Imomaynaytishadiki har bir xoja o‘ziga tegishli qulga beradi va o‘rtadagi bo‘linmaydiganga berilmaydi deganlar. Lekin bir rivoyatga ko‘ra uchchala imom ham bermaslikka ittifoq bo‘lgan, deyiladi. Xoja kofir quli uchun ham fitr sadaqa beradi. Bunga yuqoridagi "qul" lafzini umumiyligi va Ibni Abbos (r.a) rivoyat qilgan ushbu hadisga ko‘ra:

“Har bir hur uchun va har bir yahudiy, nasroniy yo majusiy qul uchun fitr sadaqasi beringlar” deganlar.

Xoja qochib ketgan quli uchun fitr sadaqasini bermaydi: Magar u iyd kuni iyd namozigacha qaytib kelsa, uning uchun xoja beradi.

Endi fitr sadaqasi miqdori haqida so‘z yuritamiz:

Rasululloh (s.a.v) fitr zakotini xurmodan bir so’ arpadan bir so’ miqdorida farz qildilar. Uni odamlar namozga chiqishidan oldin ado etishga amr qildilar.

Bir so’ qancha? Aslida, so’ bir idish bo‘lib g‘alla va shunga o‘xshagan narsalar o‘sha idish bilan o‘lchangan. Keyin og‘irlik o‘lchovlari chiqqanida unga solishtirilgan. Abu Hanifa (r.a) va Iroq faqihlari nazdida bir so’ = 3,800 gr ga tengdir.

Rasululloh (s.a.v) “Vazn ahli – Makkaning vazni, (idish) o‘lchov – ahli Madinaning o‘lchovi” – dedilar. 4 – mudd – 1 so’: Fitr sadaqasi berish iydi fitr kuni tong otishi bilan vojib bo‘ladi, dedilar Hanafiy mazhabi ulamolari. Imom Shofiiy (r.a) esa "Iyd kuni kun botishi bilan vojib bo‘ladi" deydilar. Iyd kechasi islomga kirgan yo tug‘ilgan bolaga fitr sadaqasi vojib emas deydilar bu zot.

Ammo Ramazonning avvalidan beraversa bo‘ladi. Maboda iyd namozigacha bera olmasa, namozdan keyin beradi, savobi uncha bo‘lmaydi, ammo berish shart.

“Iyd kechasi o‘lgan kishiga fitr sadaqasi vojib bo‘ladi”: deydilar Imom Shofiiy (r.a).

Fitr sadaqasini qiymatini berish joiz. Sadaqai fitrni kofirga, murtadga, fosiqga, boyga, sog‘ bo‘lib ishlamay yurganga, ota-onasiga, bolasiga va xotiniga berib bo‘lmaydi.

Kiritildi: 10:10 20.05.2020. O'qildi: 11162 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!