Mamlakat prezidenti Aleksander Stubb atom energiyasi to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan va 1 iyuldan kuchga kiradigan tegishli o‘zgartirishlarni imzoladi.
Bundan avval, 17 mart kuni Finlyandiya parlamenti ushbu tuzatishlarni 61 ga qarshi 125 ovoz bilan ma’qullagan edi. O‘sha oyning o‘zidayoq Kreml Finlyandiya hududida yadro quroli joylashtirilgan taqdirda "javob choralari" ko‘rilishi bilan tahdid qilgan edi.
Finlyandiya tinchlik davrida o‘z hududida yadro qurolini joylashtirish niyatida emas, biroq bu yerda gap yadro qurolidan "hech qachon foydalanishga to‘g‘ri kelmasligini" kafolatlashga qaratilgan tiyib turuvchi omil haqida ketmoqda, deya Stubbning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Reuters agentligi.
Mamlakat mudofaa vaziri Antti Xyakkyanen ushbu islohotni "tarixiy" deb atadi va u "Finlyandiya hamda butun NATO xavfsizligini mustahkamlashini" ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunchilikning o‘zgartirilishi Finlyandiyaning Rossiya tomonidan harbiy faollik ob’ektiga aylanishi xavfini kamaytiradi.
Ma’lumot uchun, ko‘p o‘n yilliklar davomida neytral davlat bo‘lib kelgan Finlyandiya 2023 yil 4 aprelda alyansga a’zo bo‘ldi. 2025 yilning sentyabr oyida mamlakatda alyansning Shimoliy Yevropadagi quruqlikdagi qo‘shinlari yangi qo‘mondonlik shtabi faoliyat boshladi — bu alyans qo‘shinlarining Rossiya chegarasiga eng yaqin joylashgan shtabi hisoblanadi. Finlyandiyaning Rossiya bilan chegarasi uzunligi 1300 kilometrni tashkil etadi.