Finlyandiya 15—16 oktyabr kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi yetakchilari sammitida Rossiya fuqarolariga Yevropaga sayohat qilish uchun turvizalar berishni to‘xtatish tashabbusi bilan chiqadi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Petteri Orpo ma’lum qildi.
“Biz Rossiya Yevropada diversiyalar uyushtirishga harakat qilishidan xavotirdamiz. Unda nima uchun rossiyaliklarni bu yerga sayyoh sifatida kiritib, ularga erkin harakatlanishga ruxsat beramiz?”, dedi bosh vazir.
Finlyandiyaning o‘zi 2022 yil sentyabr oyida Rossiya fuqarolariga turistik vizalar berishni to‘xtatgan va ularning mamlakatga kirishini taqiqlagan edi. Ikki davlat o‘rtasidagi quruqlikdagi nazorat-o‘tkazish punktlari 2023 yil dekabr oyidan beri yopiq.
Bundan tashqari, 2025 yilda Finlyandiya hukumati “bosqinchilik urushi olib borayotgan va mamlakat xavfsizligiga tahdid solayotgan” davlatlar fuqarolariga, jumladan, rossiyaliklarga Finlyandiyada ko‘chmas mulk sotib olishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi. Shundan so‘ng, ayrim istisnolardan tashqari, Rossiya fuqarolari uchun mamlakatda uy-joy sotib olish deyarli imkonsiz bo‘lib qoldi. 2026 yil fevral oyida esa rasmiylar avval tuzilgan ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlarini ham qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.