O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi rasmiy delegasiya Xalqaro avtomobil federasiyasi (FIA) Prezidenti Muhammad Ben Sulayem bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan FIA o‘rtasidagi hamkorlikni yangi darajaga olib chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, mamlakatda avtosport infratuzilmasini rivojlantirish, xalqaro musobaqalarni tashkil etish hamda sportchilar uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha istiqbolli tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda yirik sport loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani ta’kidlanib, FIA bilan hamkorlik avtomobil sportining yangi yo‘nalishlarini joriy etish va yurtni mintaqaviy yetakchi markazga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda xalqaro turnirlarni o‘tkazish bo‘yicha kelgusi rejalarni belgilab oldi.