O‘zbekiston milliy terma jamoasi vingeri Abbosbek Fayzullayev Portugaliya terma jamoasi hamda Krishtianu Ronalduga qarshi bo‘lajak uchrashuv haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Fayzullayevning ishonchi komilki, Ronaldu hali ham portugallar joniga oro kira oladi, chunki u istalgan soniyada vaziyat taqdirini bir o‘zi hal qilishga qodir. Futbolchi yashil maydonda Ronaldu bilan yuzma-yuz kelishni intiqlik bilan kutayotganini tan oldi.
«Uning o‘yinlarini televizor orqali tomosha qilgan paytlarimdanoq doim shu haqda orzu qilardim. O‘zim Messining ashaddiy muxlisi bo‘lsam ham, Krishtianuning o‘yini ham menga juda yoqadi», — deya Fayzullayevning so‘zlarini keltiradi «Sport-Ekspress».
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Portugaliya terma jamoalari Jahon chempionati – 2026 turnirida bir guruhdan joy olgan. Ilk turda o‘zbekistonlik futbolchilar Kolumbiyaga qarshi maydonga tushishsa, Roberto Martines shogirdlari Kongo DR bilan kuch sinashadi. O‘zbekiston va Portugaliya o‘rtasidagi to‘qnashuv esa mundialning 2-turiga rejalashtirilgan.