AQSh hukumati "tug‘ruq turizmi" xalqaro tarmoqlarini tugatmoqda. Fuqarolik savdosiga chek qo‘yish uchun firibgarlarning vizalari bekor qilinyapti.
Bu haqda Qo‘shma Shtatlar Davlat departamenti rasmiy vakili Tommi Pigott ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, "tug‘ruq turizmi" atamasi chet ellik ayollar farzand dunyoga keltirish va go‘dak uchun AQSh fuqaroligini olish maqsadida mamlakatga vaqtinchalik vizalar bilan kirib kelgan holatlarga nisbatan qo‘llaniladi.
"Noqonuniy tug‘ruq turizmi tarmoqlari o‘n minglab dollar pul evaziga odamlarni viza firibgarliklariga o‘rgatadi va konsullik xodimlarimizni aldaydi. Biz ushbu firibgarlik tarmoqlari faoliyatiga chek qo‘yish uchun ularga qarshi faol kurashmoqdamiz", — deydi Pigott.
Fox telekanaliga bergan intervyusida Tommi Pigott bu kabi turistlar AQShdagi xarajatlarning faqat juda kam qismini to‘lashini, tug‘ruq bilan bog‘liq tibbiy xizmatlar uchun asosiy hisob-kitoblar esa amerikalik soliq to‘lovchilar zimmasiga tushishini ta’kidladi.