Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

Farg‘onada Ichki ishlar xodimi qo‘shmachi ayoldan pora so‘radi va jinsiy aloqa taklif qildi

Farg‘onada Ichki ishlar xodimi qo‘shmachi ayoldan pora so‘radi va jinsiy aloqa taklif qildi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Bosh qomusimiz qabul qilinganligining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida “Korrupsiyaga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qanchalik harakat qilmasin, xalqimiz bu jirkanch illatga murosasiz bo‘lmas ekan, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatmas ekan, bu baloga qarshi samarali kurashni tashkil eta olmaymiz. Bu illat bilan nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, balki har bir jamoa jiddiy kurashishi kerak”, deya alohida ta’kidlagandi. Ammo...

Ammo davlatimiz rahbari ishonch bildirgan huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimining o‘zi korrupsiyaga oid jinoyatga qo‘l ursa-chi? U holda boshqa tizim mas’ullaridan nimani kutish mumkin?

Farg‘ona shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi katta tezkor vakili Dilmurod Abdullajonov (maqolada barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) ham jinoyatga murosasiz bo‘lish o‘rniga jinoyatchining noqulay vaziyatidan “unumli” foydalanib qolishga urindi. Ya’ni shaxsiy manfaatini o‘ylab, jinoyatchini pora berishga undadi.

Gap shundaki, 2020 yil 19 aprel kuni Farg‘ona shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan “Oriyat” tadbiri o‘tkaziladi. Mazkur tadbirda shaharning “Yangi Asr” ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarning birida yashovchi, muqaddam odam savdosi jinoyati uchun sudlangan va jazo muddatini o‘tayotgan Shoira Fayzimatova o‘z uyida fuqarolarning ko‘ngilxushligi uchun sharoit yaratib, qo‘shmachilik qilayotgani aniqlanadi. Shu bois ayni holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tergovga yuboriladi. Natijada SH.Fayzimatovaga nisbatan Jinoyat kodeksining 131-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, “Oriyat” tadbirida boshqarma katta tezkor vakili Dilmurod Abdullajonov ham ishtirok etadi. Binobarin, Shoiraning qadrdonlaridan biri Gulyora Jalilova unga qo‘ng‘iroq qilib, dugonasiga yordam berishini iltimos qiladi. Natijada D.Abdullajonov voqeaning ertasiga — 2020 yil 20 aprel kuni Shoira bilan uchrashadi.

— Avval odam savdosi jinoyati bilan sudlangan ekansiz. Qo‘shmachilik ham shunga o‘xshash holat. Shuning uchun tergov jarayonida sizni qamab qo‘ymasligini tergovchi bilan gaplashib berishim mumkin. Faqat buning evaziga unga ikki ming dollar berish kerak, — deydi u. Keyin yana qo‘shib qo‘yadi: — Dugonangiz iltimos qilgani uchun yordam bermoqchiman. Qolaversa, o‘zim ham sizni yoqtirib qoldim.

Buni qarangki, Dilmurod shunday deb keyingi uchrashuvda qo‘shmachi qizni jinsiy aloqa qilishga taklif etadi. Noiloj qolgan SH.Fayzimatova esa xuddi bo‘rining qarshisida turgan qo‘zidek uning taklifini qabul qiladi.

Shundan so‘ng tezkor xodim hafta-o‘n kun ichida Shoiraning uyida bir necha marta ko‘ngilxushlik qiladi. Lekin har galgi uchrashuvda pulni qistayveradi. Qolaversa, ayol bilan qilayotgan ayshu ishratini xaspo‘shlash uchun “antiqa” bahona o‘ylab topadi.

— Tergov muddati uch oy, sud jarayoni ham ikki oycha davom etadi. Ungacha mana shunday uchrashuvlarimiz tufayli homilador bo‘lib olsangiz, sudda sizga ancha yengillik beriladi, — deya o‘zini har jihatdan hojatbaror qilib ko‘rsatadi 2020 yil 1 may kungi uchrashuvda ham.

Ammo SH.Fayzimatova o‘zining chorasiz vaziyatidan foydalanib qolmoqchi bo‘layotgan qonun himoyachisining so‘nggi kunlardagi harakatlaridan shubhalanadi va unga qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, DXX  Farg‘ona viloyat bosh­qarmasiga murojaat qiladi. Oqibatda 2020 yil 3 may kuni D.Abdullajonovga nisbatan tezkor tadbir o‘tkaziladi.

— Qayerdasiz, uchrashamizmi? Nomini aytmay qo‘yaveray, haligi narsa tayyor, — deydi Shoira telefon orqali pulga ishora qilib.

Shu bois ko‘p o‘tmay Dilmurod ayolning uyi yoniga yetib keladi. So‘ng xizmat mashinasi ichida kelishilgan pulning 1500 AQSh dollarini olayotganda ushlanadi. Negaki D.Abdullajonov qolgan 500 AQSh dollarini garov puli tariqasida to‘lash uchun SH.Fayzimatovaning o‘ziga qaytarib beradi. Pirovardida unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a”-bandi, 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudi esa aybdorni ozodlikdan mahrum qilish jazosiga mahkum etdi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, mazkur jinoyat ishi kishini jiddiy fikr-mulohaza yuritishga, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarini bo‘lsa, undan tegishli xulosa chiqarishga undaydi. Aytaylik, oddiy fuqaro jinoyatga qo‘l ursa, qonunni bilmagani, qilmishining huquqiy oqibatini tushunmaganini asosiy vaj sifatida keltiradi. Lekin o‘zi ichki ishlar organining katta tezkor vakili bo‘lgan shaxs­ning nafs domiga tushganini qanday izohlash mumkin? Nahotki, u Yurtboshimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi mislsiz kurash olib borilayotganini hanuzgacha teran anglab yetmagan bo‘lsa?

Prezidentimiz shu yilning 30 iyun kuni bo‘lib o‘tgan odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga yanada jiddiy e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘­shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining qabul qilinishi esa bu borada yana bir dadil qadam bo‘ldi. Shunday ekan, biz, sudyalar va sud tizimi xodimlari korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonida boshqalarga o‘rnak bo‘lishimiz shart. Ayniqsa, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar sudyalari korrupsiyaga oid ishlarni ko‘rish bilangina cheklanib qolmay, joylarda o‘tkazilayotgan sayyor sud majlislarida ham­yurt­larimizga bu illatning ayanchli oqibatlarini, xususan, pora berish, pora berishga dalolat qilish va vositachilik qilish ham jinoyat ekanligini kengroq tushuntirishlari kerak.

 

Farruh ABDURAIMOV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Farg‘ona tuman sudining raisi

Kiritildi: 12:27 27.07.2020. O'qildi: 12670 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!