AQSh prezidenti Donald Tramp 2026-moliya yilida mudofaa xarajatlarini keskin oshirishni rejalashtirmoqda.Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Oq uyning byudjet taklifiga milliy xavfsizlik xarajatlari 1,01 trillion dollarni tashkil etadi, bu joriy yilga nisbatan 13 foizga ko‘p.
📈 Mudofaa byudjetining o‘sishi Ronald Reygan va uning "Yulduzli urushlar" dasturidan keyingi eng katta ko‘rsatkich bo‘ladi. Birgina Pentagon uchun sarflangan mablag‘ 961 milliard dollarga ko‘tariladi, bu 2025-yilga nisbatan 112,7 milliard dollarga va avvalgi ma’muriyat rejasidan 84,2 milliard dollarga ko‘pdir.
Loyihaga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar tarixda birinchi marta xavfsizlik xarajatlari bo‘yicha 1 trillion dollarlik chegaradan oshib ketadi. Hujjat “oltin gumbaz” raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratish, harbiy kemalar qurish, yadroviy triadani modernizasiya qilish, harbiylarning maoshlarini 3,8 foizga oshirishga oid qoidalarni o‘z ichiga oladi.
Shu bilan birga, ma’muriyat fuqarolik xarajatlarini 163 milliard dollarga yoki 22,6 foizga qisqartirishni taklif qilmoqda. To‘xtatiladigan dasturlarga qayta tiklanadigan energiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, irqiy tengsizlikni bartaraf etish, xalqaro yordam, fan, ta’lim va shaharlarni rivojlantirish kiradi.
Tramp Ilon Mask va uning Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) yordamida byudjetni 2 trillion dollarga qisqartirishga umid qilgan edi, ammo sud qarorlari tufayli bor-yo‘g‘i 150 milliard dollar amalga oshirildi – bu rejalashtirilganidan 13 baravar kam.
Tejamkorlikka sabab - rekord darajadagi byudjet kamomadi. O‘tgan yili u 3 trillion dollardan oshgan bo‘lsa, bu yil fevral oyi holatiga ko‘ra u allaqachon 1 trillion dollardan oshdi. Davlat qarzi bo‘yicha foizlarni to‘lash Oq uyga yiliga 1,2 trillion dollarga tushadi, bu uning umumiy xarajatlarining taxminan 20 foizini tashkil qiladi. 2020 yildan buyon bu xarajatlar qariyb 3 baravar oshdi.