Bugun 2 iyun, 2026 yil, seshanba

КИР

Fabio Kannavaro: «Ikkinchi taymda ham futbolchilarimdan aynan birinchi bo‘limdagidek intensivlikni kutgandim»

Fabio Kannavaro: «Ikkinchi taymda ham futbolchilarimdan aynan birinchi bo‘limdagidek intensivlikni kutgandim»

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Kanadaga qarshi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

— Har qanday uchrashuvlarda albatta xatolar bo‘ladi. Xatolarni 10 kundan keyingi o‘yinlarda emas, aynan mana shunday o‘rtoqlik o‘yinlarida qilgan yaxshiroq. Futbol shunday. Birinchi bo‘limda jamoamiz ixcham va agressiv o‘ynadi. Ikkinchi bo‘limda esa to‘p nazoratini ko‘proq qo‘lga olishni xohladik. Ammo intensivlikni yo‘qotdik va bir nechta xatolarga yo‘l qo‘ydik. Bunday o‘yinlarda xato qilsangiz, buning uchun jazolanasiz.

— Futbolchilarimdan aynan birinchi bo‘limdagidek intensivlikni kutgandim. Men kelganimdan beri yuqori intensivlikda o‘ynash ustida ishlayapmiz. Osiyo futboli bilan xalqaro futbol o‘rtasidagi farqni yaxshi bilaman. Bu oson emas, ammo birinchi bo‘limda jamoamda ko‘plab ijobiy jihatlarni ko‘rdim.

— Men Kanada terma jamoasini anchadan beri kuzatib boraman. U yerda ko‘plab do‘stlarim bor. So‘nggi uch-to‘rt yil ichida jamoa sezilarli darajada o‘sdi. Futbol Kanadada juda ommalashdi. Ko‘plab do‘stlarim bilan suhbatlashdim. Bugun ham juda iqtidorli futbolchilarni ko‘rdim.

— Yuqori intensivlikda o‘ynaganda jarohatlar bo‘lib turadi. Hozircha jiddiy narsa yo‘q. Ertaga va indinga ko‘ramiz. Menimcha, bugun hamma uchun eng katta muammo sovuq ob-havo bo‘ldi. Shunga qaramay, ko‘plab muxlislar stadionga kelishdi. Bunday qo‘llab-quvvatlash ostida o‘ynash biz uchun juda yoqimli bo‘ldi.

— Bunday stadionda o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lsangiz, bundan zavqlanishingiz va qadrlashingiz kerak. Bizni qo‘llab-quvvatlash uchun kelgan muxlislarga rahmat aytishimiz kerak. Bugun bu sovuq havoda stadionga kelish oson bo‘lmadi.

— Portugaliya, Kolumbiya va Kongo juda kuchli jamoalar. Ulardan ikkitasi dunyoning eng kuchli terma jamoalari qatoriga kiradi. Ular bilan o‘ynash juda qiyin bo‘lishini bilamiz. Ammo futbolchilarimga ham aytdim: bizda yo‘qotadigan hech narsa yo‘q. Bu mamlakatimiz tarixidagi ilk Jahon chempionati. Shuning uchun ularga faqat bitta narsani aytaman — bundan zavqlaning. Jahon chempionatida o‘ynash imkoniyati har doim ham nasib etavermaydi.

— Husanov juda yaxshi futbolchi. U hali yanada rivojlanishi mumkin, chunki uning salohiyati juda katta. Ba’zan haddan tashqari agressiv bo‘lib ketadi, hozir esa vaziyatlarni yaxshiroq o‘qishni o‘rganishi kerak. Ammo himoyachi sifatida u juda ham yaxshi futbolchi.

Kiritildi: Bugun 14:24. O'qildi: 218 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!