2006 yilgi Jahon chempioni va “Oltin to‘p” sohibi, ayni paytda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritayotgan Fabio Kannavaro faoliyatidagi eng katta maqsadi haqida gapirdi. Italiyalik mutaxassis kelajakda o‘z vatani bosh jamoasini boshqarishni orzu qilishini yashirib o‘tirmadi.
Bu haqda tajribali ustoz Italiyaning nufuzli La Gazzetta dello Sport nashriga bergan intervyusida to‘xtalib o‘tgan.
“O‘zimni yana yigirma yildan keyin ham murabbiylik kasbida tasavvur qila olaman. Mening ayni paytdagi bor mehnatim kun kelib Italiya terma jamoasini boshqarishga qaratilgan”, — deydi Kannavaro.
Shu bilan birga, italiyalik mutaxassis O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi hozirgi ish jarayoni va u yerdagi ichki muhit unga katta zavq bag‘ishlayotganini alohida e’tirof etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek futbolchilarining o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqi juda yuqori.
“Jamoadagi yigitlar murabbiylar shtabi tomonidan berilayotgan har bir ko‘rsatmani tez fursatda o‘zlashtirib olishga intilishmoqda. Hech kim nolimaydi, hamma faqat oldinga intilishni va o‘z mahoratini oshirishni istaydi”, — deya ta’kidladi bosh murabbiy.
Suhbat davomida Kannavaro Italiya futbolidagi inqirozli vaziyatga ham to‘xtalib, mahalliy klublar o‘z akademiyalari va yoshlar futboliga ko‘proq sarmoya kiritishi lozimligini qayd etdi.
Ma’lumot uchun, Italiya milliy terma jamoasi o‘z tarixida ketma-ket uchinchi bor Jahon chempionati yo‘llanmasidan mahrum bo‘ldi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi esa o‘z tarixida ilk bor JCH-2026 final bosqichiga yo‘l oldi. Vakillarimiz mundialning guruh bosqichida Kolumbiya, Portugaliya hamda DR Kongo terma jamoalariga qarshi bahs olib borishadi.