Bugun 1 noyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Evropalik diplomatlar Lavrov bilan suratga tushishdan bosh tortdi: G20 da umumiy surat bekor qilindi

Evropalik diplomatlar Lavrov bilan suratga tushishdan bosh tortdi: G20 da umumiy surat bekor qilindi

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio «Katta yigirmatalik» (G20) tashqi ishlar vazirlarining an’anaviy umumiy suratga tushish marosimini bekor qildi. Bunga bir necha yevropalik diplomatning Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan yonma-yon suratga tushishdan bosh tortishi va aks holda zalni tark etish bilan tahdid qilishi sabab bo‘lgan. Bu haqda Euronews xabar berdi.

Hodisa 30 oktyabr kuni AQShning Atlanta shahrida bo‘lib o‘tgan G20 tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi doirasida yuz bergan. Ikki nafar amerikalik rasmiyning anonimlik sharti bilan ma’lum qilishicha, Marko Rubio qo‘shimcha bahs-munozaralarning oldini olish maqsadida umumiy suratga tushish marosimini bekor qilishga qaror qilgan.

Muzokaralarni ochar ekan, Rubio uchrashuv samarali o‘tishiga umid bildirgan. U dunyo o‘zaro bog‘liq iqtisodiy va geosiyosiy inqirozlarga duch kelayotganini, ularning ko‘pchiligi global iqtisodiy tartibning asoslariga jiddiy tahdid solishini ta’kidlagan.

Polsha bosh vaziri o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy umumiy suratning bekor qilinishini AQShning to‘g‘ri qarori deb baholadi. «Lavrov bilan suratga tushishni istamaydigan yagona odam men emasman», — dedi u Atlantada jurnalistlarga.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful esa Rossiya bilan odatiy munosabatlar mavjud emasligini, biroq murakkab masalalarni muzokaralar stolida muhokama qilish zarurligini aytdi. Shu bilan birga, u Rossiya bilan munosabatlarda asossiz ijobiy tasavvur uyg‘otmaslik kerakligini ta’kidladi.

Umumiy surat atrofidagi bahs G20 doirasidagi keskinlikni yana bir bor namoyon etdi. Uchrashuvda Ukrainadagi urush, AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari, Amerika bojlari hamda Janubiy Xitoy dengizidagi nizolar yuzasidan ham jiddiy kelishmovchiliklar mavjud.

Bundan avval ham bir qator G20 davlatlari Ukraina hududiga Rossiya tomonidan raketa va dronlar orqali hujumlar kuchaygan bir paytda Moskva vakilining uchrashuvga taklif etilganidan xavotir bildirgan edi.

AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar masalasidagi pozisiyasi ham Vashingtonning ittifoqchilari bilan munosabatlarini murakkablashtirgan. Shuningdek, AQShning Kiyevga logistika va razvedka sohasidagi yordamini vaqtincha cheklashi Vashington va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyatlarni kuchaytirgan.

Kiritildi: 18:08 31.10.2026. O'qildi: 453 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!