Bugun 27 oktyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Evropa Rossiyaga bosimni kuchaytiradi va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kengaytiradi

Evropa Rossiyaga bosimni kuchaytiradi va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kengaytiradi

Rossiyaning yangi hujumlari va qish mavsumi yaqinlashayotgani fonida Yevropa Rossiyaga bosimni kuchaytirishda hamda Ukrainani harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishda davom etadi.

Bu haqda Parijda bo‘lib o‘tgan Fransiya, Germaniya, Italiya, Polsha va Buyuk Britaniya (E5 davlatlari) mudofaa vazirlari uchrashuvi ishtirokchilari ma’lum qilgan. Uchrashuvda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas, Yevropa komissiyasi komissari Andris Kubilyus hamda NATO bosh kotibining o‘rinbosari Radmila Shekerinska ham qatnashgan.

«Ukrainada tez orada tinchlik o‘rnatilishiga umid qilish uchun asoslar kam», — dedi Kaya Kallas matbuot anjumanida. Uning ta’kidlashicha, Rossiya so‘nggi kunlarda yana Kiyevga ommaviy zarbalar bergan va Qora dengizdagi fuqarolik kemalariga hujum qilgan.

Kallasning so‘zlariga ko‘ra, oktyabr oyida Yevropa Ittifoqi urush boshlanganidan buyon jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan eng yirik sanksiyalar paketini qabul qilgan. Shuningdek, yangi cheklovlar ishlab chiqish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. U Rossiyaning sanksiyalarni chetlab o‘tib neft tashuvchi «soya floti»ga bosim o‘tkazilishi natijasida yuzlab tankerlar o‘z yo‘nalishlarini o‘zgartirishga va qo‘shimcha xarajatlarni ko‘tarishga majbur bo‘lganini qayd etdi.

Kallas, shuningdek, Yevropa mudofaa salohiyatini mustahkamlash va uni amalda samarali qo‘llash zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, Yevropa Ittifoqi harbiy xarajatlarining oshishi Yevropa qurolli kuchlarining haqiqiy imkoniyatlari kengayishiga olib kelishi kerak.

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Rossiya prezidenti Vladimir Putinning o‘t ochishni to‘xtatish yoki tinchlik kelishuviga erishishga tayyor ekanini ko‘rsatuvchi hech qanday belgini ko‘rmayotganini bildirdi.

«Vladimir Putinning o‘t ochishni to‘xtatishga yoki hatto tinchlik o‘rnatishga zarracha bo‘lsa ham qiziqishi borligini ko‘rsatadigan hech narsa, mutlaqo hech narsa yo‘q», — dedi u.

Pistoriusning qo‘shimcha qilishicha, Moskva vaqtni cho‘zishga va energetika hamda suv ta’minoti infratuzilmasiga muntazam zarbalar berish orqali Ukraina aholisiga bosimni kuchaytirishga harakat qilmoqda.

Germaniya mudofaa vazirining aytishicha, Yevropa davlatlari YE5 doirasida mudofaa siyosatini yanada yaqinroq muvofiqlashtirish niyatida. Vazirlar, shuningdek, vazirlar darajasidagi uchrashuvlarni Bosh shtablar boshliqlarining o‘rinbosarlari va siyosiy direktorlar ishtirokidagi siyosat hamda rejalashtirish masalalari bo‘yicha maslahatlashuvlar bilan to‘ldirishga kelishib olgan.

Bunday formatdagi ilk muzokaralar yil oxiriga qadar Berlinda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ves Striting Rossiya tomonidan kelayotgan tahdidni Sovuq urush tugaganidan beri Buyuk Britaniya va NATO uchun eng jiddiy xavf deb atadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gap nafaqat Ukrainaga qarshi urush, balki Yevropa davlatlarida beqarorlikni keltirib chiqarish va NATO birligiga putur yetkazishga qaratilgan gibrid tahdidlar haqida ham bormoqda. Striting bunday harakatlarni «davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan terrorizm» deb baholadi.

U, shuningdek, Britaniya hukumati mudofaa xarajatlarini oshirishda davom etishini bildirdi. Vazirning ta’kidlashicha, Buyuk Britaniyaning mudofaa xarajatlari hozirgi YAIMning 2,3 foizidan 2,7 foizigacha oshirilishi kerak. Keyinchalik esa mamlakat 2035 yilga qadar NATO belgilagan YAIMning 3,5 foizi miqdoridagi maqsadli ko‘rsatkichga erishishni rejalashtirmoqda.

Uchrashuv ishtirokchilari «yanada kuchli NATO» doirasida Yevropa mudofaasini mustahkamlash hamda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga sodiq ekanliklarini tasdiqladilar.

E5 davlatlari mudofaa vazirlarining navbatdagi uchrashuvi 2027 yil mart oyida Rim shahrida bo‘lib o‘tadi.

Kiritildi: Bugun 09:00. O'qildi: 475 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!