Evropalik amaldorlar va diplomatlar Qo‘shma Shtatlar ilgari surgan Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish g‘oyasini tanqid qildi. Bu g‘oya Vashingtonning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilish rejasida bayon etilgan, deb xabar berdi Politico.
Rejaga ko‘ra, Vashington G‘arb davlatlarida muzlatilgan Rossiya aktivlari hisobidan 100 milliard dollarni AQSh boshchiligidagi tiklash harakatlariga yo‘naltirishni taklif qilgan. Shu bilan birga, reja AQSh ushbu amaliyotdan olinadigan foydaning 50 foizini olishini nazarda tutadi.
Politico suhbatdoshlarining aytishicha, AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff tomonidan ishlab chiqilgan bu taklif Yevropaning muzlatilgan aktivlardan Ukrainaga “reparasiya krediti” sifatida foydalanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.
"Bunday bemani taklifni ilgari surgan Uitkoff psixiatrga murojaat qilishi kerak", — dedi yevropalik rasmiylardan biri.