Evropa Ittifoqi yetakchilari Rossiya muzokaralarga tayyor emasligini Trampga isbotlash orqali undan qattiq sanksiyalar talab qilishni rejalashtirmoqda.
Evropa Ittifoqi davlatlari rahbarlari Donald Trampning Rossiya bilan tinchlik muzokaralari o‘tkazish urinishini rasman qo‘llab-quvvatladi. Biroq ular bu tashabbus ortida aniq strategik maqsadni ko‘zlamoqda — agar Vladimir Putin muzokaralarda rostdan ham qatnashishni istamasa, buni aniq ko‘rsatib berish va Trampni Moskvaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etishga undash.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning ta’kidlashicha, Putinning maqsadi tinchlik emas, Ukrainaning uzil-kesil taslim bo‘lishi. «Men Putin tinchlikni xohlashini ishonmayman. U faqat Ukraina taslim bo‘lishini istaydi», — dedi Makron Tramp va Zelenskiy bilan Vashingtondagi uchrashuvdan oldin.
Politico nashrining yozishicha, Yevropa diplomatlari Putin bilan suhbat qilish befoyda, deb hisoblashsa-da, AQSh tomonining siyosiy bosimi orqali Rossiyaning haqiqiy niyatini ochishga umid qilmoqda. Ular, shu bilan birga, agar muzokaralardan natija chiqmasa, Trampni iqtisodiy bosimni kuchaytirishga ishontirish osonlashishiga ishonmoqda.
Hozircha Putin Tramp bilan uchrashuvga rozilik bergan, lekin Kreml muzokaralarni faqat «ekspertlar darajasida» boshlash kerakligini ta’kidlamoqda. Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, har qanday sammit «qadamma-qadam tayyorlanishi» kerak. Shu paytda Putin Trampga Moskvada uchrashuv o‘tkazishni taklif qilgan, ammo bu taklif Zelenskiy tomonidan rad etilgan.
Agar Rossiya urushni to‘xtatmasa, Yevropa AQSh bilan birgalikda yangi sanksiyalar yurgizishga tayyor. Ular orasida Tramp tomonidan Hindistonga 25 foizlik bojlarni 50 foizgacha oshirish tahdidi ham bor, bu Rossiya neftini import qiluvchi davlatga jiddiy zarba bo‘lishi mumkin.
2025 yil avgust oyida Rossiyadan Hindistonga neft yetkazib berish hajmi yil boshidagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan uch baravar kamaygani qayd etilmoqda. Rossiya Hindistonga taklif etayotgan va rad etilgan chegirmali narxdagi neftni Xitoy sotib olishga tayyorligini bildirgan.