Evropa Ittifoqi Isroilning inson huquqlari borasidagi majburiyatlarini buzgani ehtimoli sabab iqtisodiy bosim choralarini ko‘rib chiqmoqda. Bryusseldagi yaqinlashib kelayotgan uchrashuvda sanksiya yoki imtiyozlarni bekor qilish masalasi muhokama etilishi kutilmoqda.
«Bild» nashri xabariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Isroilga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar joriy etishi yoki amaldagi bojxona imtiyozlarini bekor qilishi mumkin. Bunga sabab sifatida Isroilning inson huquqlariga oid Yevroittifoq bilan tuzilgan kelishuvdagi majburiyatlarni buzgani ko‘rsatilmoqda.
Evropa tashqi siyosiy xizmati rahbari Kaya Kallas tayyorlagan hisobotda ushbu huquqbuzarliklar haqida aniq ma’lumotlar keltirilgan. Ushbu hisobot YEI tashqi ishlar vazirlari kengashiga taqdim etilishi va Bryusseldagi navbatdagi uchrashuvda muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Isroil rasmiylari hisobotni «bir tomonlama» va «Evropa Ittifoqining ikkiyuzlamachi yondashuvi» sifatida baholadi. Shu bilan birga, Yevropa parlamentining bir qator deputatlari ham sanksiya tashabbusini tanqid qilib chiqishdi. Xususan, Germaniyadan saylangan deputat Hildegard Bentele Kallas pozisiyasini «Isroil uchun hal qiluvchi sharoitda orqadan pichoq urish» deb baholadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, agar ushbu masala YEI tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida muhokama etilsa ham, sanksiya yoki imtiyozlarni bekor qilish qarorini qabul qilish uchun barcha 27 a’zo davlatning yakdilligi talab etiladi. Bu esa qarorning amalga oshish ehtimolini kamaytiradi. Shunga qaramay, bunday masalaning ko‘tarilishi Yevropada Isroil siyosatlariga nisbatan tanqid va noxush kayfiyatlar kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.