Eron va Rossiya kichik yadroviy reaktorlarni qurish bo‘yicha protokol ustidagi ishlarni yakunlamoqda.
Bu haqda Eron Atom energiyasi tashkilotida ma’lum qilingan.
«Rossiya bilan kichik modulli reaktorlarni qurish bo‘yicha hamkorlik davom etmoqda. Qurilish jarayonini jadallashtirish maqsadida Moskva bilan protokol imzolanadi», — deyiladi xabarda.
Tashkilot matbuot kotibi Behruz Kamolvandiyning ta’kidlashicha, Tehron yadroviy energiya bilan o‘zini o‘zi ta’minlash darajasiga yetgan. Tashqi siyosiy bosim va AQSh bilan urush davomida Ahvoz shahridagi «Darxavin» atom elektr stansiyasiga qilingan hujumlarga qaramay, soha rivojlanishda davom etmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Busher atom elektr stansiyasi hozirgacha atmosferaga taxminan 86 million tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining oldini olgan va 132 million barrel neft iste’molini tejash imkonini bergan.
«Hozirgi sharoitda toza energiyani rivojlantirish yo‘lidan borishdan boshqa tanlovimiz yo‘q. Bu borada yadroviy energiya eng muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Biz bunday tendensiyani global miqyosda ham kuzatmoqdamiz», — dedi tashkilot matbuot kotibi.