Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, Eron Qo‘shma Shtatlarning taklifiga o‘z javobini Pokistondagi vositachilar orqali yo‘llagan.
AQSh tashabbusi Eron yadro dasturini amalda muzlatib qo‘yishni nazarda tutadi, ya’ni yadroviy qurol yaratishdan voz kechish, yadroviy ob’ektlarning bir qismini qismlarga ajratish va uranni boyitishni 20 yil muddatga taqiqlash.
Bunga javoban Tehron avval harbiy harakatlarni to‘xtatish va yadro dasturi bo‘yicha 30 kunlik muzokaralarni boshlashni taklif qilgan. Shuningdek, Tehron Eron kemalari va portlaridan cheklovlar olib tashlanishi evaziga yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini qisman uchinchi davlatga olib chiqishga va Xo‘rmuz bo‘g‘ozini bosqichma-bosqich ochishga tayyor.
Eslatib o‘tamiz, kecha Putin Rossiya Eronning boyitilgan uran zaxiralarini o‘z hududida qabul qilishga rozi ekanini tasdiqlagan edi. Shu bilan birga, nashrga ko‘ra, Vashington yadroviy infratuzilma va uran zaxiralarining taqdiri bo‘yicha majburiyatlarni oldindan mustahkamlab qo‘yishni talab qilmoqda, Eron esa bu masalalarni faqat o‘t ochish to‘xtatilganidan keyin muhokama qilishni taklif etmoqda.