Bu haqda Financial Times xabar bermoqda.
"Eron Mudofaa vazirligining Eksport markazi (Mindex) xorijiy davlatlarga zamonaviy qurol-aslaha yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarni kriptovalyuta va eron riali orqali to‘lash sharti bilan taklif qildi. Shuningdek, idora barter kelishuvlari tuzishga ham tayyor", deya yozmoqda nashr manbalariga tayanib.
FT'ning qayd etishicha, bu davlat darajasida strategik harbiy texnika eksporti uchun kriptovalyutadan foydalanishga tayyorlik ochiq e’lon qilingan ilk holatlardan biri hisoblanadi. Eron hukumati shu yo‘l bilan G‘arb moliyaviy cheklovlarini chetlab o‘tishga urinmoqda.
Mindex 30-35 ta davlat bilan hamkorlik qilayotganini bildiradi. Eksport qurollari katalogiga Emad ballistik raketalari, Shahed dronlari, Shahid Soleimani sinfidagi harbiy kemalar va yaqin masofali havo mudofaa tizimlari kiritilgan. Shuningdek, yengil o‘qotar qurollar va kemaga qarshi qanotli raketalar ham taklif etiladi. G‘arb davlatlari va BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bu qurollarning ayrimlari Yaqin Sharqda Tehron qo‘llab-quvvatlayotgan guruhlar tomonidan ishlatilgan.
"An’anaviy moliyaviy tizimlar orqali Eronga to‘lovlarni amalga oshiradigan tomonlar AQSH, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyaning ikkilamchi sanksiyalari ostida qolishi mumkin. Avvalroq AQSh rasmiylari Eronni neft savdosi va moliyaviy tarmoqlar faoliyati uchun kriptovalyutadan foydalanishda ayblagan edi", deyiladi Financial Times maqolasida.