Eron uranni boyitish darajasini pasaytirishga tayyorligini bildirdi, biroq bir shart bilan - Tehron AQShning yadroviy kelishuvdan qayta chiqib ketmasligiga kafolat talab qilmoqda.
Bu haqda Reuters Eron rasmiy vakiliga asoslanib xabar bermoqda.
Uning aytishicha, Eron AQSh bilan ehtimoliy kelishuv doirasida sentrifugalarni demontaj qilmaydi va uranni boyitishdan butunlay voz kechish niyatida emas.
Amaldor, shuningdek, Eronning raketa dasturi yadroviy kelishuv doirasiga kirmasligini va Vashington bilan bo‘lajak muzokaralar mavzusi bo‘lmasligini ta’kidladi.
12 aprel kuni Ummon davlatida Eron va AQSh o‘rtasida Tehronning yadroviy dasturi va sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha bilvosita muzokaralarning birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Eron tomonidan tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi, AQSh tomonidan esa prezidentning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff ishtirok etdi.