Donald Tramp inaugurasiyasidan ikki kun oldin Eron Fors ko‘rfazi yaqinidagi noma’lum joyda, 500 metr chuqurlikda yer osti harbiy-dengiz raketa bazasini ochdi.
Marosimda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IRGC) qo‘mondoni general-mayor Husayn Salamiy ishtirok etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu baza mamlakatdagi eng qudratli harbiy-siyosiy tashkilot bo‘lmish Inqilobiy gvardiya harbiy-dengiz kuchlarining kichik bir qismi, xolos.
"Allohning inoyati bilan IRGC harbiy-dengiz kuchlarida so‘nggi yillarda ham miqdor, ham sifat jihatidan hujum tizimlari bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishildi," - dedi janob Salamiy ochilish marosimida.
Tasnim tomonidan e’lon qilingan videoda uzun tunnellar ichida joylashtirilgan harbiy texnika aks ettirilgan. Bu baza Erondagi shunday bir nechta bazalardan biridir. U uzoq masofaga raketa uchira oladigan va uzoq masofadan turib jangovar harakatlar olib bora oladigan kemalar uchun qurilgan.
11 yanvar kuni Eron ikki haftalik harbiy mashg‘ulotlarni boshladi. Bu mashg‘ulotlarga Natanzdagi asosiy yadroviy ob’ektlarni raketa va dronlar hujumidan himoya qilish bo‘yicha ko‘nikmalarni takomillashtirish ham kiritilgan. 14 yanvar kuni kontr-admiral Shahram Eroniy Eronning janubidagi strategik ahamiyatga ega Jask tumanida, Ummon qo‘ltig‘i sohilida eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan maxsus doklarga ega eng yirik harbiy markaz ochilgani haqida ma’lum qildi. Bir kun avval Eron Qurolli kuchlari Bosh shtab boshlig‘i o‘rinbosari, brigada generali Muhammad Rizo Ashtianiy Eronda hozircha hech kim bilmaydigan qurollar borligini aytdi.