Eronning Iroqdagi sobiq elchisi Hassan Kazemiy Qomiyga ko‘ra, Isroilga qarshi amalga oshirilgan javobiy hujumlardan birida 30 nafar isroillik harbiy uchuvchi halok bo‘lgan. U buni Isroil rejimi uchun katta zarba, deb atadi.
Televideniye orqali chiqish qilgan Kazemiy Qomiy shunday dedi:
«12 kunlik urush chog‘ida Eron amalga oshirgan hujumlardan birida 30 nafar Isroil uchuvchisi halok bo‘ldi. Bu Tel-Aviv rejimi uchun kichik narsa emas. Ular bu voqea tafsilotlarini ommadan yashirib kelishmoqda».
Uning ta’kidlashicha, Isroil va AQShning asosiy maqsadi Eronda tuzum almashish va Vashingtonni Eronga qaytarish edi, ammo ular bu maqsadlariga erisha olmadi.
Kazemiy Qomiy Eron qurolli kuchlari olib borgan «Javob va’dasi III» (Operation True Promise III) amaliyoti Isroilga jiddiy zarba berganini, shu bilan mintaqa bo‘ylab dushmanning katta strategik rejalarini barbod qilganini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, 13 iyun kuni Isroil Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operasiya boshlagan edi. Urush davomida Isroil Eronning harbiy, yadroviy va turar joy hududlariga hujum qildi. 22 iyun kuni AQSh ham Erondagi uchta muhim yadroviy ob’ekt — Natanz, Fordov va Isfahonga zarbalar bergan.
Javob sifatida Eron Islom Inqilobi Gvardiyasi Isroilga qarshi 22 marta raketalar bilan javob berdi. Shuningdek, Eron Qatarda joylashgan AQShning eng yirik harbiy bazasi — al-Udeydga ham raketali hujum uyushtirdi.
24 iyun kuni ikki tomon o‘rtasida otashkesim e’lon qilindi va urush to‘xtatildi.