Reuters agentligining bir necha manbalariga tayanib xabar berishicha, mamlakatdagi asosiy diniy organlardan biri hisoblanuvchi va ikki yil avval Oyatulloh Ali Xominaiy tomonidan tayinlangan uch kishilik maxsus qo‘mita so‘nggi kunlarda oliy rahbarning vorisini aniqlash bo‘yicha ishlarni tezlashtirgan.
Manbalarning aytishicha, hozirda ikki asosiy nomzod muhokama qilinmoqda: birinchisi Oyatulloh Ali Xominaiyning o‘g‘li Mojtaba Xominaiy, ikkinchisi Islomiy inqilob asoschisi Oyatulloh Ruhulloh Xumayniyning nabirasi Hassan Xumayniy.
"Hassan Xumayniy islohotchi qanot bilan yaqin aloqada bo‘lib, siyosiy va ijtimoiy cheklovlarni yumshatishni qo‘llab-quvvatlaydi. Shunga qaramay, u nasl-nasabi tufayli yirik diniy yetakchilar va Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) tomonidan hurmat qilinadi. Mojtaba Xominaiy esa otasining qattiqqo‘l siyosatini davom ettirib, muxolifatni bostirish va Eron dushmanlariga nisbatan keskin pozisiyani qo‘llab-quvvatlaydi", deya yozmoqda Reuters.
Biroq manbalarning ta’kidlashicha, hali hech qanday aniq qaror qabul qilinmagan. Nomzodlar o‘zgarishi mumkin va yakuniy so‘z amaldagi yetakchiga tegishli hisoblanadi.
Avvalroq The New York Times gazetasi Oyatulloh Ali Xominaiy o‘z o‘rnigacha uch nafar ehtimoliy vorisini tanlagani, lekin ularning orasida Mojtaba Xominaiy yo‘qligi haqida xabar bergan edi.