Eron Isroilning o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzishi va Livandagi tinch aholi punktlariga hujumlarini qoralaydi. Bu haqda Eron tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bekayi ma’lum qildi.
Eronning rasmiy IRNA axborot agentligiga ko‘ra, Bekayi Beyrut janubidagi Dahiye hududiga uyushtirilgan hujumlar o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini ochiqdan-ochiq buzganini aytdi.
Tashqi ishlar vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, Isroil o‘t ochishni to‘xtatish tartibini ikki mingdan ortiq buzgan.
Bekayining qayd etishicha, o‘t ochishni to‘xtatish kafolati bo‘lgan davlatlar tomonidan Isroilning xatti-harakatlariga nisbatan befarqlik, bu davlatlarning va’dalari puchga chiqqanidan dalolatdir.
1 aprel kuni Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi Isroil hujumlarida to‘rt kishi halok bo‘lgani va yana olti kishi yaralanganini ma’lum qildi.
Xabarlarga ko‘ra, Hizbulloh qo‘mondoni Hasan Ali Budayr va uning o‘g‘li Ali Hasan Budayr Isroil hujumlarida halok bo‘lgan.