Bugun 8 avgust, 2025 yil, juma

КИР

Eron Isroilga maxfiy ma’lumot uzatgan yadrochi olimni qatl qildi

Eron Isroilga maxfiy ma’lumot uzatgan yadrochi olimni qatl qildi

Eronda yadrochi olim Ro‘zba Vadiy osilgan holda qatl etildi. U Mossad bilan aloqada bo‘lganlikda ayblangan edi.

Eron hukumati Isroilning Mossad maxsus xizmatiga maxfiy ma’lumotlarni uzatganlikda ayblangan yadroviy mutaxassis Ro‘zba Vadiyni qatl etdi. U Eronning Atom energiyasi tashkilotida faoliyat yuritgan va davlat siriga teng ma’lumotlarni tarqatganlikda ayblanib, mahkama hukmi bilan osilgan, deb xabar beradi Sondakika.

Mahalliy matbuotning yozishicha, Vadiy 2024 yil fevral oyida hibsga olingan va shundan beri Tehrondagi mashhur Evin qamoqxonasida saqlanib kelayotgan edi. Uning Mossad tomonidan onlayn yollangani, keyinchalik Venada besh marta agentlar bilan uchrashgani aytiladi. Ushbu aloqalar orqali Isroil Tehrondagi yadroviy va harbiy ob’ektlarga qarshi «Yuksalayotgan Arslon» deb nomlangan 12 kunlik amaliyotni amalga oshirgani ma’lum qilingan.

Xabarlarga ko‘ra, Vadiy o‘z lavozimida davlatning o‘ta muhim va maxfiy ma’lumotlariga ega bo‘lgan va ularni tarqatgan. Uning ma’lumotlari orqali eronlik boshqa bir yadroviy olimni suiqasdda o‘ldirish amalga oshirilgani taxmin qilinmoqda.

Qatl Eron Oliy sudi tomonidan tasdiqlangan hukmga binoan amalga oshirildi. Eron Inson Huquqlari Tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, hibsga olinganidan buyon Vadiy hech qanday shaffof sud jarayonisiz qamoqda saqlangan.

So‘nggi haftalarda Eronda Isroil bilan bog‘liqlikda gumon qilingan bir necha kishi qatl qilindi. The Telegraph ma’lumotiga ko‘ra, faqatgina ikki hafta ichida «suiqasd uskunalari»ni mamlakatga olib kirishda ayblangan 3 kishi qatl etilgan.

Eron Ichki ishlar vazirligi Mossad, CIA va MI6 kabi xorijiy xizmatlarga qarshi «to‘xtovsiz kurash» olib borilayotganini ta’kidlagan. Biroq inson huquqlari tashkilotlari bunday ishlarning aksariyati noshaffof, adolatsiz va tezkor ravishda o‘tkazilayotganini ta’kidlamoqda.

Kiritildi: 18:23 07.08.2025. O'qildi: 903 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!