Butun dunyodagi dengiz operatorlari endi sutka davomida tunu kun so‘rov yuborishlari mumkin. Ariza tasdiqlangach, kemalarga o‘tish ruxsatnomasi beriladi. Bu ushbu muhim dengiz yo‘lagi orqali harakatlanish jarayonini ancha soddalashtiradi.
Eronning oliy xavfsizlik organi 18 may kuni Ho‘rmuz bo‘g‘ozini boshqarish uchun yangi tuzilma tashkil etilganini e’lon qilgandi. O‘shanda yangi organ Fors ko‘rfazi bo‘g‘ozi boshqarmasi deb atalishi ham e’lon qilingandi.
AQSh va Isroilning Eronga qarshi 28 fevralda boshlagan urushi tufayli Tehron ushbu muhim suv yo‘lini amalda yopib qo‘ygan. Endilikda mamlakat bo‘g‘oz orqali o‘tadigan kemalardan haq olmoqchi.
Tinchlik davrida ushbu yo‘nalish orqali dunyodagi neft va suyultirilgan tabiiy gaz tashuvlarining qariyb beshdan bir qismi o‘tar edi. Shuningdek, u orqali boshqa muhim tovarlar, jumladan, mineral o‘g‘itlar ham tashilgan.