Eron futbol federasiyasi Xalqaro futbol federasiyasiga (FIFA) harbiy mojarolar oqibatida mamlakatdagi sport ob’ektlari, xususan, futbol infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazilgani haqida rasmiy xat yo‘lladi.
“Eron Islom Respublikasining muqaddas tuproqlariga qilingan noqonuniy harbiy hujum natijasida mamlakat sport infratuzilmasiga, ayniqsa, futbol ob’ektlariga katta talofat yetkazilganini chuqur qayg‘u bilan ma’lum qilamiz”, deyiladi Eronning ISNA agentligi keltirgan xat matnida.
Eslatib o‘tamiz, mintaqadagi vaziyat 28 fevral kuni AQSh va Isroilning Eronga qarshi qo‘shma harbiy operasiyasi boshlanishi ortidan keskinlashgan edi. Eron bunga javoban AQShning mintaqadagi harbiy bazalariga, shuningdek, Isroil, Qatar, BAA, Saudiya Arabistoni, Kuvayt va Bahrayndagi qator ob’ektlarga zarbalar berdi.
Avvalroq Eron tomoni mavjud geosiyosiy vaziyatni hisobga olgan holda, milliy terma jamoaning 2026 yili bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatidagi ishtirokidan voz kechishi mumkinligi haqida bayonot bergan edi. Ma’lumot uchun, Eron terma jamoasi guruh bosqichida Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya bilan kuch sinashadi. Qur’aga ko‘ra, ushbu guruhning barcha uchrashuvlari AQSh maydonlarida o‘tishi belgilangan. Avvalroq Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum Eron ishtirokidagi o‘yinlarni o‘z mamlakatida qabul qilishga tayyorligini bildirgan bo‘lsa-da, FIFA bu taklifni rad etgan.
Xalqaro futbol tashkiloti (FIFA) va The Times nashri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘yinlar manzili o‘zgarmaydi. Tashkilot barcha ishtirokchilar 2025 yil 6 dekabrda tasdiqlangan rasmiy jadval asosida harakat qilishini talab qilmoqda.