Bugun 2 avgust, 2026 yil, yakshanba

КИР

Eron bilan urush fonida AQSh neft kompaniyalari milliardlab dollar foyda oldi

Eron bilan urush fonida AQSh neft kompaniyalari milliardlab dollar foyda oldi

Eron bilan davom etayotgan mojaro va jahon bozorida energiya resurslari narxining oshishi AQShning yirik neft kompaniyalari daromadlarini keskin ko‘paytirdi.

2026 yilning ikkinchi choragi yakunlariga ko‘ra, Exxon Mobil kompaniyasining sof foydasi ikki baravar oshib, 14,5 milliard dollarga yetdi. Kompaniya tushumi esa 42 foizga o‘sib, 116 milliard dollarni tashkil qildi. Chevronning sof foydasi qariyb to‘rt baravar ko‘payib, 12,1 milliard dollarga yetgan, tushumi esa 56 foizga oshgan.

Daromadlarning o‘sishi Ormuz bo‘g‘ozi orqali neft yetkazib berishdagi uzilishlar bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Ilgari jahondagi neft va gaz savdosining qariyb beshdan bir qismi ushbu bo‘g‘oz orqali amalga oshirilgan. Taklifning qisqarishi ortidan Brent nefti bahosi bahorning katta qismida barreli uchun 100 dollardan yuqori bo‘lib, ayrim kunlari 126 dollargacha yetdi.

Bu davrda ko‘plab mamlakatlarda benzin, dizel va aviasiya yoqilg‘isi narxlari ham oshdi. Ayrim davlatlarda yoqilg‘i tanqisligi kuzatildi, Avstraliya, Nepal va Shri-Lankada esa uni sotishga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi.

Shu munosabat bilan AQSh Kongressidagi demokratlar yirik neft kompaniyalarining ortiqcha foydasiga qo‘shimcha soliq joriy etish va ushbu mablag‘larni iste’molchilarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirishni taklif qildi. Neft ishlab chiqaruvchilar esa bu tashabbusga qarshi chiqib, bunday choralar investisiyalar hajmini kamaytirishi mumkinligini bildirdi.

Kiritildi: 22:25 01.08.2026. O'qildi: 708 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!