Xitoyda insonlarning tashqi qiyofasidan sun’iy intellekt yordamida yaratiladigan kontentlarda foydalanish uchun «yuz ijarasi» bozori paydo bo‘ldi. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, odamlar o‘z yuzlaridan foydalanish huquqini berib, bitta shartnoma orqali 700 dollargacha daromad olishi mumkin.
Aktyorlar, talabalar, nafaqaxo‘rlar va boshqa fuqarolar maxsus platformalarga o‘z fotosuratlari yoki qisqa videolarini yuklab, yuzlaridan raqamli qahramonlar, reklamalar va mini-seriallarda foydalanishga ruxsat bermoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu texnologiya Xitoyda jadal rivojlanayotgan mikro-seriallar industriyasi uchun ayniqsa qulay. Biroq insonning yuzi biometrik ma’lumot hisoblangani sababli, uni raqamli shaklda boshqa maqsadlarda qo‘llash va keyinchalik nazoratni yo‘qotish xavfi ham mavjud.
Xitoyda sun’iy intellekt orqali yaratilgan kontent hajmi oshib borayotgani bilan birga, inson qiyofasidan ruxsatsiz foydalanish bilan bog‘liq sud ishlari ham ko‘paymoqda.