"Qo‘shma Shtatlar Adliya vazirligi kuzatuv olib borgan va Amerika hududida Eronning “nishonlari”ni yo‘q qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgan Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi agenti Farhod Shakeriga nisbatan sirtdan ayblov e’lon qildi. Potensial nishonlar ro‘yxatiga AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp ham kiritilgan", deyiladi press-relizda.
Ma’lum qilinishicha, Trampga suiqasd uyushtirish rejalari 2020 yilda Iroqda, o‘sha paytda AQSh prezidenti bo‘lgan Trampning buyrug‘i bilan o‘ldirilgan Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi generali Qosim Sulaymoniyning o‘limi uchun qasos olish bilan bog‘liq. Shakerining hibsga olingan sheriklariga ko‘ra, unga 2024 yil 7 oktyabrda Trampga suiqasd uyushtirish rejasini ishlab chiqish buyurilgan. Biroq, Shakeri Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi tomonidan juda qisqa vaqt ajratilganidan qoniqmagan. Shu munosabat bilan suiqasdni prezidentlik saylovidan keyin amalga oshirishga qaror qilingan.
AQSh Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 51 yoshli Farhod Shakeri hozirda Eron hududida. Uning sheriklari Karlayl Rivera va Jonaton Loadholt Nyu-Yorkda hibsga olingan. Shakeri ularni Eron rejimini tanqid qilgan amerikalik jurnalistni o‘ldirish uchun yollagan, deb taxmin qilinmoqda.