Bugun 5 dekabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Erlarning degradasiyaga uchrashi, cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashni moliyalashtirish zarurligi ta’kidlandi

Erlarning degradasiyaga uchrashi, cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashni moliyalashtirish zarurligi ta’kidlandi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Ar-Riyodda COP16 doirasida tashkil etilgan «Erlarni tiklash va qurg‘oqchilikka chidamlilikni oshirish uchun davlat va xususiy moliyalashtirishni jalb qilish» moliyaviy safarbarlik bo‘yicha vazirlar muloqotida hamrais sifatida ishtirok etdi.

Tadbirda Saudiya Arabistoni Podshohligi atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri o‘rinbosari Usama Ibrohim Fakiha, BMT bosh kotibi o‘rinbosari va UNCCD ijrochi kotibi Ibrohim Tiau, BMT Taraqqiyot dasturi ma’muri Ahim Shtayner, Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad Al Jasser, OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi prezidenti Abdulhamid Al-Xalif, BMTning 2030 yilgacha kun tartibini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus vakili Mahmud Moheldin, UNFCCC Ijrochi kotibi Saymon Still, BMT bioxilmaxillik konvensiyasi Ijrochi kotibi Astrid Shomeyker, IFAD prezidenti Alvaro Lario, Jahon bankining atrof-muhit, tabiiy resurslar va moviy iqtisodiyot bo‘yicha global direktori Valeri Xikki va boshqalar ishtirok etdi.

Muloqot UNCCD vazirlari, manfaatdor tomonlar va investorlar uchun yerlarni tiklash va butun dunyo bo‘ylab qurg‘oqchilikka chidamlilikni yaxshilash bo‘yicha transformativ yechimlarni taqdim etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan A.Abduhakimov O‘zbekiston 2030 yilgacha 2 million gektardan ortiq degradasiyaga uchragan yerlarni tiklash, mamlakat strategiyasini BMTning yer degradasiyasiga qarshi neytrallik bo‘yicha maqsadlariga muvofiqlashtirish va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun barqaror turmush sharoitini ta’minlash niyatida ekanini ta’kidladi.

«Oxirgi besh yil ichida milliy hukumat barqaror yer boshqaruvi va o‘rmonlarni barpo etish tashabbuslariga milliy budjetdan 1 milliard AQSh dollaridan ortiq mablag‘ ajratdi. Bunday sa’y-harakatlarga qaramay, butun dunyo bo‘ylab moliyalashtirishdagi kamchiliklar saqlanib qolmoqda», — dedi vazir.

A.Abduhakimov, shuningdek, ushbu maqsadlarni kengaytirish ishonchli moliyalashtirish mexanizmlari va innovasion hamkorlikni talab qilishini ta’kidladi.

Vazirlar muloqotida jahon iqtisodiyotiga yiliga 10 trillion AQSh dollari miqdorida zarar keltiruvchi yerlarning degradasiyasi, cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashga sarmoyalarni ko‘paytirish zaruriyatiga e’tibor qaratildi. Tadbirda, shuningdek, davlat moliyalashtirish uzoq muddatli tiklanish loyihalarini qo‘llab-quvvatlayotgani, xususiy moliyalashtirish esa yashil obligasiyalar va ta’sirli investisiya kabi innovasion vositalarni joriy qilayotgani ta’kidlandi. Birgalikda davlat-xususiy hamkorlik moliyalashtirishdagi bo‘shliqni yo‘q qilishi va barqaror yechimlarni kengaytirishi mumkin.

«O‘zbekiston xalqaro moliyalashtirishni samarali boshqarish qobiliyatini allaqachon namoyon etgan. Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorligimiz natijasida Orolbo‘yida o‘rmonzorlarni barpo etish bo‘yicha muvaffaqiyatli loyihalar amalga oshirilib, degradasiyaga uchragan yerlar inson va tabiat uchun foydali ekotizimlarga aylantirildi. Ammo xalqaro moliyalashtirishga osonroq va tezroq kirish orqali biz ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lamiz. O‘zbekiston bu sa’y-harakatlarni kengaytirishga va Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik markaziga aylanishga tayyor», — dedi vazir.

Shuningdek, yerlarni tiklash va qurg‘oqchilikka chidamlilikka sarmoya kiritish nafaqat ekologik majburiyat, balki oqilona iqtisodiy tanlov ekanligi ta’kidlandi. Yerni qayta tiklashga yo‘naltirilgan har bir dollar qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirishdan suv ta’minotini yaxshilash va iqlim o‘zgarishiga moslashishgacha bo‘lgan foyda keltiradi.

Kiritildi: 10:36 04.12.2024. O'qildi: 385 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!