Bugun 14 noyabr, 2024 yil, payshanba

КИР

“Erim uyga kiritmayapti, moddiy yordam ham bermayapti...”

“Erim uyga kiritmayapti, moddiy yordam ham bermayapti...”

Oilaviy kelishmovchiliklar tufayli uch nafar voyaga yetmagan farzandlarim bilan ota-onamning uyida yashayapman. Boisi turmush o‘rtog‘im bilan janjallashib, uydan chiqib ketdim. Biroq ikki kundan keyin qaytib borsam, erim uyga kiritmayapti. Uyga kiritishi uchun qaysi sudga murojaat qilishni bilmayapman. Hech qayerda ishlamayman, erim bo‘lsa moddiy yordam ham ko‘rsatmayapti. Ushbu holatda qanday haq-huquqlarim bor?

Ismi sir tutilgan

Murojaatga fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi sudyasi Jasur SIROJEV javob berdi:

— Oila kodeksining 96-moddasiga asosan, ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart.

Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undiriladi.

Voyaga yetmagan bolalariga aliment to‘lash va ularga ta’minot berishda ota-onaning biri tomonidan ikkinchisiga, ya’ni voyaga yetmagan bola tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan ota yoki onaga beriladi.

Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.

Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.

Shuningdek, Oila kodeksining 103-moddasiga ko‘ra, ota-ona favqulodda holatlar (bolaning og‘ir shikastlanishi, kasal bo‘lishi va boshqalar) tufayli kelib chiqqan, bolaning ta’minoti uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarda ishtirok etishi shart.

Qo‘shimcha xarajatlarda ishtirok etishdan bosh tortgan ota (ona)dan sud ularning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olib, qo‘shimcha xarajatlarni qisman pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada undirish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.

Demak, hozirgi kunda bolalar sizning qaramog‘ingizda ekanligi, turmush o‘rtog‘ingiz ixtiyoriy ravishda bolalar ta’minoti uchun aliment to‘lashdan bosh tortib kelayotganligini hisobga olib, sudga aliment undirish haqida murojaat etishingiz mumkin.

Alohida moddiy ta’minot undirish huquqiga egasiz...

— Nikoh tuzilgandan keyin er-xotinda bir-biriga moddiy yordam berish majburiyati vujudga keladi. Ya’ni, Oila kodeksining 117-moddasiga asosan, er-xotin bir-biriga moddiy yordam berishi shart. Bunday yordam berishdan bosh tortilgan taqdirda, yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er yoki xotin, shuningdek xotin homiladorlik davrida va o‘rtada bola tug‘ilgan kundan boshlab uch yil davomida, o‘rtadagi nogiron bola o‘n sakkiz yoshga to‘lguncha yoki bolalikdan I guruh nogironi bo‘lgan o‘rtadagi bolaga qaragan yordamga muhtoj er (xotin) yordam berishga qodir bo‘lgan xotin (er)dan sud tartibida ta’minot (aliment) olish huquqiga ega.

Er-xotin (sobiq er-xotin) o‘rtasida aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv mavjud bo‘lmagan hollarda er yoki xotinga (sobiq er yoki xotinga) sud tartibida undirib beriladigan aliment miqdori sud tomonidan er yoki xotinning (sobiq er yoki xotinning) moddiy va oilaviy ahvolini hamda taraflarning e’tiborga loyiq boshqa manfaatlarini e’tiborga olib, har oyda pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanadi. Biroq bu summa qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 11,75 foizidan kam bo‘lmasligi lozim.

Agarda siz bola parvarishi yoki yuqoridagi qonun normasida ko‘rsatilgan holatlar mavjud bo‘lsa, belgilangan tartibda sudga o‘zingizning ta’minotingiz uchun alohida moddiy ta’minot undirish huquqiga ega ekanligingiz qonunda aniq belgilab qo‘yilgan.

Ta’kidlab o‘tish kerakka, da’vogar aliment undirish va moddiy ta’minot undirish haqidagi da’vo arizalari bilan sudga murojaat etganda hech qanday davlat boji undirilmaydi.

Uyga kiritib qo‘yish uchun nima qilish kerak?

— Uy-joy kodeksining 32-moddasiga asosan, uy yoki kvartiraning mulkdori, uning oila a’zolari, u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar va sobiq oila a’zosi o‘rtasidagi turar joydan foydalanish haqidagi nizolar sud tartibida hal etiladi.

Siz kelin bo‘lib yashab kelgan turar joyga kiritib qo‘yish uchun turar joy qaysi hududda joylashgan bo‘lsa, shu hududdagi tegishli tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga murojaat etish huquqingiz mavjudligi tushuntiriladi.

Mana shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, da’vogar sudga uyga kiritib qo‘yish haqidagi da’vo arizasi bilan sudga murojaat etganda, “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga ko‘ra, bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari (hozirgi kunda 540.000 so‘m) davlat boji to‘lashi lozim bo‘ladi.

Kiritildi: 16:56 06.06.2022. O'qildi: 5593 marta. Fikrlar soni: 7 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!