Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Qora dengizda "Kairos" va "Virat" tankerlariga uyushtirilgan hujumlarga izoh berdi.
Erdo‘g‘on bu haqda vazirlar mahkamasi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha xalqqa murojaatida ma’lum qildi.
"Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush Qora dengizdagi kemalar xavfsizligiga tahdid sola boshladi. Juma kuni iqtisodiy zonamizdagi savdo kemalariga qilingan hujumlar xavotirli kuchayishdan dalolat beradi. Biz kemalar, hayot va atrof-muhit xavfsizligiga tahdid soluvchi bu hujumlarni oqlay olmaymiz. Bunday hodisalar yuzasidan tomonlarga ogohlantirish berdik", dedi u.
Eslatib o‘tamiz, 29 noyabr kuni Qora dengizdagi hujumlarda "Kairos" va "Virat" tankerlari zarar ko‘rgan edi.