Elit Osiyo Chempionlar ligasi 1-turida «Paxtakor» Saudiya Arabistonida «Al-Ahli» mehmoni bo‘ldi. Uchrashuv keskin va murosasiz kurashlarga boy kechib, jamoalar 1:1 hisobida durang o‘ynadi.
O‘ta issiq va yuqori namlik sharoitida o‘tgan bahsning dastlabki bo‘limida gol urilmadi. «Paxtakor» himoyada ishonchli harakat qildi, biroq hujumda yaratilgan imkoniyatlardan foydalana olmadi.
12-daqiqada Nasrullayevning jarima maydonchasiga uzatgan to‘pi noaniq zarba bilan yakunlandi. 26-daqiqada esa Nasrullayevning kuchli zarbasiga raqib himoyachilari to‘siq bo‘ldi. «Al-Ahli» ham bir qator hujumlar uyushtirgan bo‘lsa-da, Nazarov o‘z vaqtida harakat qilib, jamoasi darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.
Tanaffusdan so‘ng «Paxtakor» tarkibida o‘zgarish amalga oshirildi: Tahsin o‘rniga Puraliganji maydonga tushdi. 67-daqiqada esa Nazarov yana bir muhim seyv bilan raqibning xavfli hujumini bartaraf etdi.
Uchrashuv oxiriga kelib «Paxtakor»ning faolligi oshdi. 68-daqiqada Hamdamov va Hussayn o‘rniga Flamarion hamda Chinedu maydonga tushdi. Bu almashinuvlar o‘z samarasini berdi.
86-daqiqada «Paxtakor» hisobni ochdi. Chinedudan uzatma qabul qilgan Flamarion raqib darvozaboni bilan birga-bir vaziyatga chiqib, to‘pni uning ustidan oshirib qo‘ydi — 1:0!
Biroq «Paxtakor» g‘alabani saqlab qolish uchun ozgina vaqt yetishmadi. Asosiy vaqtga qo‘shib berilgan olti daqiqaning uchinchisida Al-Buraykan hisobni tenglashtirdi.
Shu tariqa, «Paxtakor» Elit OCHL turniridagi ilk uchrashuvini safardagi 1:1 hisobidagi durang bilan yakunladi va Saudiya Arabistonidan bir ochko bilan qaytdi.
Elit Osiyo Chempionlar ligasi, 1-tur
«Al Ahli» — «Paxtakor» — 1:1
Gollar: Al Buraykan, 90+3 — Flamarion, 86.
«Paxtakor»: Nazarov, Saitov, Abdumajidov, Tahsin (Puraliganji, 46), Nasrullayev (Alijonov, 78), Mozgovoy, Bo‘riyev, Hamdamov (Flamarion, 68), Ibragimov, Resan, Hussayn (Chinedu, 68).