Bugun 27 sentyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Elektron ruxsatnomasiz mashinani jarima maydonchasidan chiqarish taqiqlanadi

Elektron ruxsatnomasiz mashinani jarima maydonchasidan chiqarish taqiqlanadi

Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 22 sentyabrdagi 508-son qarori bilan Toshkent shahrida qonunchilik hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini vaqtincha saqlash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlab turish tartibi tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, vakolatli davlat organi transportni jarima maydonchasiga joylashtirish haqida qaror qabul qilganda, bu haqda «Jarima maydonchasi» moduli orqali tegishli davlat organlari va xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarga xabar yuboriladi.

Transportni boshqarishdan chetlashtirish nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etilganda, transport vositasi jarima maydonchasiga faqat maxsus texnika, jumladan, evakuator yoki manipulyator yordamida olib kelinishi mumkin.

Ushlangan transport vositasini saqlab turishga sabab bo‘lgan holatlar bartaraf etilgandan keyin uni jarima maydonchasidan chiqarishga «Jarima maydonchasi» moduli orqali ruxsat beriladi.

Ruxsatnoma ma’muriy ishni ko‘rib chiquvchi organning mansabdor shaxsi tomonidan aynan shu modul orqali rasmiylashtiriladi. Hujjat QR-kod bilan tasdiqlanadi.

Rasmiylashtirilgan elektron ruxsatnoma transport vositasi haydovchisi hamda saqlab turish xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxsga «Jarima maydonchasi» moduli orqali bir ish kuni ichida yuboriladi. Shuningdek, haydovchining telefon raqamiga SMS xabar ham jo‘natiladi.

Yangi tartibda elektron tizimdan tashqari rasmiylashtirilgan ruxsatnomalarga alohida cheklov belgilangan. Jumladan, «Jarima maydonchasi» moduli orqali rasmiylashtirilmagan ruxsatnoma asosida ushlangan transport vositasini jarima maydonchasidan chiqarib yuborish taqiqlanadi.

Shu tariqa, transportni saqlashga asos bo‘lgan holatlar bartaraf etilganidan keyin ham uni chiqarish jarayoni elektron tizimda rasmiylashtirilgan ruxsatnoma asosida amalga oshirilishi shart.

Nizom Toshkent shahrida qonunchilik buzilishi sabab ushlangan transport vositalarini vaqtincha saqlash, ularni joylashtirish va chiqarish jarayonlarini yagona tartib asosida amalga oshirishni belgilaydi.

Kiritildi: 13:02 23.09.2026. O'qildi: 781 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!