Bugun 26 sentyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Tramp nihoyat Zelenskiyning qat’iy so‘roviga rozilik berdi

Tramp nihoyat Zelenskiyning qat’iy so‘roviga rozilik berdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina hududida Patriot raketalari ishlab chiqarilishiga ijozat berdi. Bu haqda Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.

«Aniq kelishuvga erishdik. Prezident Tramp men bilan so‘nggi uchrashuvda “Ha, men uzil-kesil qaror qabul qildim. Ukrainaga Patriot raketalarini ishlab chiqarish uchun lisenziya beriladi” dedi. Jamoamiz Ukrainada Patriot raketalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda», — degan Zelenskiy.

Ikki davlat rahbari joriy hafta boshida BMT Bosh assambleyasi majlisi doirasida Nyu-York shahrida uchrashgan edi.

Patriot majmuasi dunyoda eng ilg‘or havo hujumidan mudofaa tizimlaridan biri sanaladi.

Ukraina hukumati AQShdan ko‘pdan buyon o‘z hududida Patriot raketalarini ishlab chiqarishga ruxsat berishini so‘rab keladi.

Zelenskiy fikricha, Ukrainaga Patriot tizimlari uchun raketalar yetkazib berish “o‘ta zarur”.

Kiyev hukumatiga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga har bir hujumda 30-40 ta ballistik raketa yog‘dirmoqda. Ballistik raketalarni zararsizlantirishda esa Patriot tizimi muhim o‘rin tutadi.

Avgust oyida Zelenskiy Rossiyaning qish mavsumidagi hujumlarini qaytarish uchun AQSh zaxirasidagi Patriot raketalarining 5 foizi talab etilishini aytgandi. Moskva yo‘llayotgan ballistik raketalarning barchasini urib tushirish uchun esa AQSh bisotidagi 10 foiz Patriot raketalari zarur bo‘ladi.

Oq uy tomonidan Kiyevga Patriot raketalari ishlab chiqarishga ruxsat berilishi Ukraina tezkor mudofaa imkoniga ega bo‘lishini anglatmaydi, albatta. Chunki bunday turdagi zamonaviy raketalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun oylar, hatto yillar ketishi mumkin. Ammo Vashington tomonidan rozilik berilishining o‘zi Kiyevning yana bir strategik yutug‘ini anglatadi.

Avval xabar berganimizdek, AQSh Eronga qarshi joriy yil 28 fevraldan buyon olib borayotgan urushi mobaynida uzoq masofaga uchuvchi raketalar, shuningdek, Patriot havo hujumidan mudofaa tizimida istifoda etiladigan raketalarning salmoqli zaxirasini sarflab tugatdi. Bu esa Qo‘shma Shtatlarning ehtimoliy harbiy ziddiyatlarga shayligini savol ostida qoldirmoqda.

Kiritildi: Bugun 16:47. O'qildi: 910 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!