O‘zbekistonda I tarif guruhiga kiruvchi yirik iste’molchilar uchun elektr energiyasini hisoblash tartibi o‘zgartiriladi. Yangi tartibga ko‘ra, soat 09:00 dan 17:00 gacha elektr energiyasi bazaviy tarifdan 1,5 baravar kamaytirilgan koeffisiyent asosida hisoblanadi.
Amaldagi bazaviy tarif 1 kVt soat uchun 1 100 so‘m bo‘lsa, yarim tig‘iz davrda iste’molchilar elektr energiyasi uchun 733 so‘mdan to‘laydi. Soat 22:00 dan 06:00 gacha esa bazaviy tarif amal qiladi.
Yangi tartib yirik iste’molchilarning elektr energiyasini kunduzgi vaqtda ko‘proq ishlatishini rag‘batlantirishga qaratilgan. Bu davrda quyosh va shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasi hajmi yuqori bo‘lishi qayd etilgan.
Kechki va tungi vaqtlarda quyosh generasiyasi kamaygani sababli elektr ta’minotida issiqlik elektr stansiyalarining ulushi ortadi va tabiiy gaz sarfi ko‘payadi. Kunduzgi iste’molni oshirish orqali esa mavjud qayta tiklanuvchi energiyadan samaraliroq foydalanish va tabiiy gazni tejash imkoniyati yaratiladi.
Qayd etilishicha, yangi tartib tadbirkorlik sub’ektlariga kunduzgi vaqtda elektr energiyasidan qulayroq shartlarda foydalanish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va faoliyatini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyat beradi.
I tarif guruhiga asosiy va zaxira elektr ta’minotiga ulangan quvvati 750 kVA va undan ortiq bo‘lgan yirik iste’molchilar kiradi.