26 oktyabr kuni «Real» va «Barselona» Ispaniya chempionati 10-turida Madridda to‘qnashdi.
2-daqiqada mezbonlar vingeri Vinisius Junior raqibi Lamin Yamalning oyog‘iga tegib, raqib jarima maydonchasi ichida yiqilib tushdi. Bosh hakam Sesar Soto Grado 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi, biroq videoyordamchilarning maslahati bilan monitorda epizodning takroriy lavhasini ko‘rib, qarorni bekor qildi.
«Real» hujumchisi Kilian Mbappe 12-daqiqada hisobni ochdi. Ammo ko‘p o‘tmay hakam assistentlarning ishorasidan so‘ng, ofsayd sabab golni bekor qildi. Takroriy lavhadan so‘ng, Mbappening boldir qismi ofsaydda ekani ma’lum bo‘ldi.
«Real» hujumchisi baribir niyatiga yetdi va 22-daqiqada Jud Bellingem uzatmasidan unumli foydalanib, hisobni ochdi. Natijada, Mbappe ketma-ket to‘rtinchi klasikoda gol urdi.
«Barselona» futbolchisi Fermin Lopes 38-daqiqada hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, Jud Bellingem 43-daqiqada «Real»ni yana hisobda oldinga olib chiqdi.
52-daqiqada Kilian Mbappe penaltini aniq amalga oshirolmadi. Uning zarbasini darvozabon Voysex Shchensni qaytara oldi.
Qolgan daqiqalar qizg‘in kurashlar ostida o‘tgan bo‘lsa-da, muxlislar boshqa gol ko‘rmadi.
So‘nggi daqiqada «Barselona» futbolchisi Pedri ikkinchi sariq karta tufayli maydondan chetlatildi.
Bu natijadan so‘ng, «Real» 27 ochko to‘plab, peshqadamlikni mustahkamladi. «Barselona» 22 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.
Ispaniya chempionati, 10-tur
26 oktyabr, Madrid. «Santyago Bernabeu» stadioni
Real (Madrid) 2:1 Barselona
Gollar: Kilian Mbappe (22), Jud Bellingem (43) – Fermin Lopes (38)