Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida transport tizimini tubdan yangilashga qaratilgan qarorni imzoladi. Hujjatga muvofiq, Toshkent shahrida intellektual transport tizimi (ITT) shakllantiriladi. Kameralar, sensorlar, svetoforlar, jamoat transporti harakati, navigasiya, vazn-hajm nazorati va barcha xizmatlar yagona platformaga ulanadi.
ITT Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Situasion markaziga integrasiya qilinadi. Avtotransport vositalarining ekologik normativlarga mosligi avtomatik baholanadi va ekologik zonasiga mos kelmaydigan transport vositalarini aniqlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, yo‘l-transport sohasidagi bir qator vakolatlar 2028 yilgacha huquqiy eksperiment sifatida markazga o‘tkaziladi. Bu Toshkentda transportni yagona markazlashgan tizim orqali samarali boshqarish imkonini beradi.
Toshkent ko‘chalari, yo‘l kesishmalari, ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlari bo‘yicha katta infratuzilmaviy dastur amalga oshiriladi: avtobuslar uchun alohida yo‘laklar, intellektual svetoforlar joriy etiladi, ko‘chalar kompleks tarzda rekonstruksiya qilinadi.